Logo

“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam

Dekabr 03, 2025. 10:01 • 2 daq

270
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam

AR-RIYOZ, 5-dekabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonidagi Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan chop etiladigan “OIC Journal” jurnalida O‘zbekistonning turistik salohiyati va islom madaniyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“OIC Journal” nashri har chorakda arab, ingliz va fransuz tillarida chop etiladi. Jurnalning O‘zbekistonda turizm sohasi, mamlakatda islom madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida eʼlon qilingan maqolada Samarqand shahri va bu yerda so‘nggi yillarda tashkil etilgan nufuzli anjuman va forumlar haqida so‘z yuritilgan.

Maqolada taʼkidlanishicha, 2025-yil Samarqand shahri Islom dunyosining madaniyat poytaxti etib belgilangan. Ushbu voqea munosabati bilan shaharda qator nufuzli tadbirlar o‘tkazilgan. Jumladan, “Islom olami madaniy merosi: xattotlik, musiqa, sheʼriyat va hamjihatlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan. Unda yuqori darajadagi rasmiylar, Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) tarkibidagi davlatlar madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilot va muassasalar masʼullari ishtirok etgan.

Konferensiya Samarqandni 2025 yilda islom dunyosining madaniy poytaxti sifatida keng nishonlash doirasida Imom al-Buxoriyning ilmiy merosini keng yoritish hamda hadis ilmlari sohasidagi akademik tadqiqotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Shu bois, ICESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik madaniyat – xalqlarning o‘ziga xosligini o‘zida mujassam etishi va ularning sivilizatsiyasining poydevori ekanini taʼkidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam.

“ICESCO o‘zbek baxshichilik sanʼatini ushbu qadimiy sanʼatning yuksak maqomi, uning badiiy qiymati, O‘zbekiston tarixidagi muhim o‘tish davrlari bilan bog‘liqligi hamda jamoaviy xotirani asrab-avaylash va milliy o‘zlikni mustahkamlashdagi rolini eʼtirof etgan holda Islom merosi ro‘yxatiga kiritgan”, – deya fikr yuritilgan materialda.

Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali haqida ham batafsil maʼlumotlar keltirilgan. Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yalpi yig‘ilishi ham muvaffaqiyatli tashkil etilgani qayt etilgan. Ushbu nufuzli sessiya so‘nggi 40 yil ichida ilk bor tashkilot qarorgohi – Parijdan tashqarida o‘tkazilgan.

Bunday forumlar xalqaro ilmiy hamjamiyatning O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, turizm sohasi, madaniy va tarixiy merosni tiklash va ommalashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga jahon hamjamiyati eʼtibori va yordamini jalb qilish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, umuman, O‘zbekistonning sayyohlik brendini targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish