Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda
Dekabr 14, 2025. 13:37 • 2 daq
• 198
AL-KUVAYT, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning arab tilida chop etiladigan nufuzli nashrlarida shu yil dekabr oyida Elchixona tashabbusi bilan o‘tkaziladigan biznes-forum va o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “Q8 Press” elektron portalida berilgan maqolada O‘zbekiston–Kuvayt biznes forumi hamda ushbu tadbir doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritilgan.
Materialda mazkur forum doirasida “O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi” o‘tkazilishi, unda oziq-ovqat sanoati, charm buyumlar, hunarmandchilik, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namoyish etilishi haqida to‘xtalib o‘tilgan. Ko‘rgazmada kiyim-bosh ishlab chiqarish korxonalari, mis kabellar, qurilish materiallari va kir yuvish vositalari kabi boshqa mahsulotlar tayyorlovchi kompaniyalar ishtirok etishi maʼlum qilingan.
Shuningdek, nashrda shu yil 14–15 dekabr kunlari “Sulton Sentr” gipermarketida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari festivali haqida ham maʼlumot berilgan. Ushbu festival ishtirokchilari muzqaymoqlar, turli shirinliklar, pishloqlar, muzlatilgan va quritilgan mahsulotlardan bahramand bo‘lishi haqida to‘xtalib o‘tilgan.
Joriy yil 18–24 dekabr kunlari Mishrefdagi Kuvayt xalqaro yarmarka maydonida bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro oltin va zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi”da “O‘zbekiston pavilyoni” tashkil etilayotgani va unda 6 ta o‘zbek kompaniyasi o‘z mahsulotlari bilan qatnashishi haqida ham maʼlumotlar keltirilgan.
“Al-Rai” kunlik gazetasida eʼlon qilingan maqolada esa O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik aloqalari haqida fikr-mulohaza bildirilgan.
Materialda taʼkidlanishicha, turistlar orasida yangi sayyohlik yo‘nalishlarini o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi tez rivojlanayotgan va jozibador yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bunga uning yaqinligi, rivojlangan turizm infratuzilmasi va turli xil sayohat imkoniyatlari mavjudligi sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov “Jazeera Airways” aviakompaniyasining atigi uch soat davom etadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari O‘zbekistonni kuvaytlik sayohatchilar uchun turizm, tibbiy davolanish yoki investitsiya uchun eng oson va eng qulay maskanlardan biriga aylantirishga hissa qo‘shganini taʼkidlagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu geografik yaqinlik turizm sohasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotganidan darak beradi. Zamonaviy mehmonxonalar, madaniy festivallar va ilg‘or infratuzilma O‘zbekistonni turistlar uchun jozibali mamlakatga aylantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga oshishi kutilmoqda