O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi “Japanistan” kreativ loyihasi muhokama qilindi
Aprel 09, 2026. 14:55 • 2 daq
• 122
TOKIO, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Cool Japan Initiative” dasturi prodyuseri, “Cool Japan Public-Private Partnership” platformasi rahbari va “XPJP Inc.” kompaniyasi bosh direktori Kenichi Vatanabe bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Cool Japan Initiative” Yaponiya hukumati tomonidan milliy madaniyat, media, dizayn, gastronomiya va kreativ industriyalarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, mamlakatning “soft power” salohiyatini oshirishga qaratilgan dastur hisoblanadi.
Uchrashuv davomida Kenichi Vatanabe O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida madaniy va kreativ industriyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Japanistan” nomli loyihani amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Loyihani bir necha bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, O‘zbekiston telekanallari bilan hamkorlikda yapon media kontentlari (anime, seriallar, ko‘ngilochar dasturlar va hujjatli filmlar)ni namoyish etish hamda “Japanistan” nomli haftalik televizion dasturni efirga uzatish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida yapon madaniyatiga bag‘ishlangan “Japanistan” madaniy markazini (anime-kafe, yapon restorani, savdo va biznes muloqot maydonlari) tashkil etish hamda intellektual mulkni himoya qilish, tarjima va lokalizatsiya sohalarida mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Muloqot davomida yapon mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va milliy qahramonlariga bag‘ishlangan, anime uslubidagi milliy multfilmlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Kenichi Vatanabe mazkur tashabbusni muhokama qilish maqsadida 2026 yil 15–16 aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.
Tashrif doirasida, avvalo, loyihaning birinchi bosqichi – O‘zbekiston telekanallarida yapon anime va boshqa media kontentlarni namoyish etish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun tegishli vazirlik va idoralar, milliy va xususiy telekanallar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unda loyiha mazmuni, amalga oshirish mexanizmlari va hamkorlik imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi