Logo

Xorijiy davlatlardagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etilmoqda

Fevral 23, 2026. 19:49 • 4 daq

45
Xorijiy davlatlardagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etilmoqda

NOVOSIBIRSK, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda muqaddas oyni munosib oʻtkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratish, mahallalarda obodonlashtirish, muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu tashabbusni Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari ham qoʻllab-quvvatlab, chet elda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari va maʼruzalar tashkil etilmoqda.

Shu kunlarda Novosibirskda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz holidan xabar olish va ularga iftorlik ulashish maqsadida Margʻilon shahridagi “Said Jalolxon toʻra” jome masjidi imom-xatibi Yunusxon Mamarasulovning Novosibirsk va Kemerovo-Kuzbass shaharlariga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida tashkil etilgan uchrashuvlarda Yunusxon Mamarasulov xalqimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida ahamiyatga ega boʻlgan, insonni ezgu amallarga undaydigan ushbu oylikni munosib oʻtkazish maqsadida bu yil yurtimizda keng koʻlamli tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini alohida taʼkidladi.

Yurtimizda mahalla ahli, jamoatchilik vakillari uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksalar va yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlarga eʼtibor va hurmat koʻrsatish, Ramazon oyi bilan bogʻliq tadbirlarni uyushqoqlik bilan oʻtkazishga katta eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etildi.

Imom-xatib fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarning asl islomga hech qanday aloqasi boʻlmagan turli buzgʻunchi diniy oqimlarga kirib qolishiga yoʻl qoʻymaslik masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Oʻzbekistonda “Ramazon – mehr-muruvvat, hamjihatlik va shukronalik oyi” shiori ostida ishlab chiqilgan, ehtiyojmand oilalar va ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarga yordam koʻrsatishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida gapirdi.

Yunusxon Mamarasulov Novosibirsk shahridagi “Musulmanskiy produkt”, “Zapadno-sibirskaya promыshlennaya kompaniya”, “Maks avtoservis” kabi korxonalar hamda “Aziya-Sibir” ulgurji-taqsimot markazida mehnat qilayotgan 220 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bilan ham uchrashdi. Yurtdoshlarimizning mehnat, turmush va yashash sharoitlari oʻrganildi, fuqarolarimiz istiqomat qilayotgan xostellar koʻzdan kechirildi.

Novosibirsk viloyati muftiysi Abdulhamid Shokirjonov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ekstremistik ruhdagi gʻoyalarning kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik, Novosibirsk va viloyat musulmon ummati tomonidan sof Islom arkonlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, Oʻzbekiston fuqarolarining mintaqa hayotidagi ishtiroki kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Rossiya tomoni Oʻzbekistondan yetakchi imom-xatiblarni masjidlarda maʼruzalar oʻqish va juma namozlarini ado etish uchun taklif etishni amaliyotga joriy etish muhimligini qayd etdi.

Imom-xatib Yunusxon Mamarasulov Novosibirsk jome masjidida juma namozida ishtirok etdi. Mazkur masjid Sibir federal okrugi hududidagi eng yirik masjid boʻlib, bu yerda 500 dan ortiq kishi, jumladan, koʻplab vatandoshlarimiz ham ibodatini ado etadi.

Yurtimizdan tashrif buyurgan imom-xatib oʻz mavʼizasida barcha yigʻilganlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etib, Ramazon oyining ezgulik, mehr-oqibat va maʼnaviy birlik fasli ekaniga eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, u Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda muqaddas oyni munosib oʻtkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, mahallalarda obodonlashtirish, muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.

Kemerovo shahriga tashrif doirasida imom-xatibning Sibirdagi eng yirik madaniy majmua qurilishida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. U yerda hozirda ikki yarim mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda.

Yurtdoshlarimiz nafaqat mashaqqatli mehnatlariga oʻz vaqtida haq toʻlanayotgani, balki ularga yaratilgan sharoitlar: uch mahal bepul ovqat, yotoqxona, tibbiy sugʻurta, ish beruvchi hisobidan barcha zarur hujjatlar bilan taʼminlanganidan mamnunligini bildirdi.

Boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida hamyurtlarimiz Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqalari va muntazam ravishda oʻtkazilayotgan sayyor konsullik qabullari tufayli migratsiya qonunchiligini buzish holatlari kuzatilmayotganini taʼkidladi.

Oʻtkazilgan suhbatlar davomida imom-xatib yigʻilganlarga xalqimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida alohida ahamiyatga ega boʻlgan, insonni ezgu amallarga chorlaydigan ushbu oylikni munosib oʻtkazish uchun bu yil ham Oʻzbekistonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Bularning barchasi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash, mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani aytildi.

Imom-xatib Kemerovo masjidiga ham tashrif buyurib, u yerda muqaddas Ramazon oyida oʻz fikr va gʻoyalarini pok saqlash muhimligi haqida maʼruza qildi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Novosibirsk shahridagi “Osiyo–Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar uchun tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etdi.

Iftorlikda ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi. Imom-xatib oʻz nutqida Ramazon oyining maʼnaviy mohiyatini ochib berdi, Qurʼon suralaridan oʻqib, Islomning anʼanaviy qadriyatlariga sodiq qolish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish