Logo

"Nabd al Hadath": YUNESKOning 43-sessiyasi dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushmoqda

Noyabr 04, 2025. 17:35 • 2 daq

72
"Nabd al Hadath": YUNESKOning 43-sessiyasi dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushmoqda

AR-RIYOZ, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining mashhur "Nabd al Hadath" nashrida Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nufuzli nashrda madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan qadimiy Samarqandda o'tkazilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi haqida iliq fikr-mulohazalar bildirilgan.

Xususan, ushbu konferensiyaning qirq yil ichida birinchi bor tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohi tashqarisida tashkil etilishi butun dunyo hamjamiyati e'tiboriga tushgani ta'kidlangan. Bunday keng ko'lamli forumning O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakatning jahon merosini saqlash va targ'ib qilishga qo'shgan hissasi tobora ortib borayotganidan dalolat ekani ta'kidlangan. 

Materialda mazkur yirik tadbirda 190 ta a'zo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 nafardan ortiq vakillarning qatnashishi konferensiyaga bo'lgan e'tibor hamda qadimdan ilm-fan va madaniyat o'chog'i sanalgan Samarqand zaminiga qiziqishdan dalolat ekani bayon etilgan.

Samarqand sessiyasi doirasida 150 dan ortiq turli uchrashuv, O'zbekiston tashabbusi bilan 20 dan ziyod qo'shimcha tadbirlar tashkil etiladi. Jumladan, konferensiya doirasida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazdi.

YUNESKOning 43-sessiyasi mamlakatimiz va jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jami 500 nafardan ziyod ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan keng yoritilmoqda.

"O'zbekistonning YUNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qilishi, nafaqat diplomatik muvaffaqiyat, balki mamlakatning xalqaro miqyosda tan olinishi, madaniyat va g'oyalar o'rtasidagi muloqot maskaniga aylantirmoqda", – deyiladi "Nabd al Hadath" nashrida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish