Logo

O'zbekistonlik dizaynerlar Italiyadagi "Mediterranean Fashion Week" da o'z kolleksiyalari bilan ishtirok etishdi

Sentabr 18, 2025. 10:07 • 54 soniya

315
O'zbekistonlik dizaynerlar Italiyadagi "Mediterranean Fashion Week" da o'z kolleksiyalari bilan ishtirok etishdi

TOSHKENT, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/. Italiyaning Brindizi shahrida dunyo moda industriyasining muhim voqealaridan biri – "Mediterranean Fashion Week" bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu nufuzli tadbir Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdan kelgan dizaynerlarni birlashtirdi.

Markaziy Osiyo dizaynerlik ittifoqi – "MODI" xalqaro jamiyati tashabbusi va O'zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko'magida o'zbekistonlik dizaynerlar xalqaro sahnada o'zlarining ijodiy ishlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Xususan, Gavhar Madimirova, Muborak Azimova, Lola Aslonova va Nilufar Mannarova "Mediterranean Fashion Week"da o'zlari yaratgan liboslarni taqdim etishdi.

O'zbek dizaynerlarining ishtirokida taqdim etilgan kolleksiyalar milliy an'analar va zamonaviy moda tendensiyalarini uyg'unlashtirgan holda yurtimiz modasining o'ziga xos qirralarini namoyon etdi.

Toshkent shahar Olmazor tumani kengashi deputati Kamola G'ulomova rahbarligida Markaziy Osiyo dizaynerlar ittifoqi nafaqat milliy brendlarimizni jahon podiumlariga olib chiqishga, balki xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, kreativ sanoatlarni qo'llab-quvvatlash va O'zbekistonning ijobiy madaniy imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

"Mediterranean Fashion Week"dagi ishtirok O'zbekiston uchun nafaqat modani namoyish etish, balki madaniy muloqot va hamkorlik ko'priklarini yaratishda muhim qadam bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish