Xitoy Afg'onistonni SHHT sammitiga taklif qildi
Aprel 29, 2025. 14:40 • 40 soniya
• 91
TOSHKENT, 29-aprel. /Dunyo" AA/. Rasmiy Pekin Afg'onistonni 2025-yilning ikkinchi yarimida Xitoyda bo'lib o'tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etishga taklif qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Eronning "Mehr News" axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, Xitoyning Kobuldagi elchisi Chjao Sin taklifnomani yetkazib, Pekin ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish istagini ta'kidlagan. Diplomatning aytishicha, Xitoy yaqin qo'shni sifatida Afg'oniston bilan konstruktiv muloqotdan manfaatdor, ayniqsa, SHHTning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi roli ortib borayotgan bir sharoitda.
O'z navbatida, Afg'oniston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Muhammad Naim o'zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirib, barqaror sheriklik har ikki tomonga ham manfaat keltirishini ta'kidlagan.
Eslatib o'tamiz, Afg'oniston 2012-yildan beri SHHTda kuzatuvchi maqomiga ega. 2025-yilgi sammitga taklif Afg'onistonning ko'p tomonlama mintaqaviy hamkorlikka bosqichma-bosqich qaytishi yo'lidagi muhim qadam bo'lishi mumkin.
"Mehr News"AA saytidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi