Logo

Janubiy Koreyada kuzatilgan kuchli yomg'ir tufayli to'rt kishi halok bo'ldi va minglab odam evakuatsiya qilindi

Iyul 18, 2025. 09:57 • 2 daq

39
Janubiy Koreyada kuzatilgan kuchli yomg'ir tufayli to'rt kishi halok bo'ldi va minglab odam evakuatsiya qilindi

SEUL, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyada kecha yoqqan kuchli yomg'ir oqibatida sodir bo'lgan suv toshqinlari natijasida to'rt kishi halok bo'ldi va minglab odam evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Janubiy Koreyaning "Yonhap" axborot agentligi tarqatgan ma'lumotga ko'ra, kuchli yomg'ir qurbonlari baxtsiz hodisalar va sog'lig'idagi muammolar tufayli halok bo'lgan. Rasmiylar suv toshqinlari davom etishidan ogohlantirmoqda.

Yarim kun ichida mamlakatning g'arbiy qirg'og'idagi eng ko'p ziyon ko'rgan Sosane shahriga 400 mm dan ortiq yomg'ir yog'di. Meteorologiya agentligi buni asrda bir marta sodir bo'ladigan hodisa sifatida baholadi.

Seuldan taxminan 267 kilometr Janubda joylashgan Kvanju shahrida kuchli yomg'ir haqida ogohlantirish e'lon qilinganidan so'ng taxminan ikki soat davomida 87 ta yo'l va 38 ta bino suv ostida qoldi.

"Ko'plab davlat va xususiy korxonalar zarar ko'rdi, shaharlarda elektr ta'minotida uzilishlar kuzatildi, – deya xabar bermoqda "Yonhap". – Yuzlab maktab binolari yomg'ir tufayli zarar ko'rdi".

Rekord darajadagi yog'ingarchilik Janubiy Koreya hukumatini ob-havo bilan bog'liq tabiiy ofat haqida ogohlantirishni eng yuqori darajaga ko'tarishga undadi.

Rasmiylar aholini daryo qirg'oqlari, tik yon bag'irlari va yer osti yo'laklaridan uzoqroq turishga chaqirib, ko'chki va suv toshqinlari xavfi yuqoriligidan ogohlantirmoqda.

"Reuters" agentligi olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish