“Reuters” AA: AQSh va O‘zbekiston muhim minerallar bo‘yicha kelishuv imzoladi
Fevral 22, 2026. 18:30 • 2 daq
• 157
VASHINGTON, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Amerikaning nufuzli “Reuters” AAda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, AQSh hukumati O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng muhim foydali qazilmalaridan yaxshiroq foydalanish imkoniyatini taʼminlash bo‘yicha kelishuv imzolagan.
AQSh Xalqaro taraqqiyot va moliya korporatsiyasi tomonidan tayyorlangan hujjatda aytilishicha, Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p va jadal rivojlanayotgan mamlakati bilan “Qo‘shma investitsiya dasturi” strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Taʼkidlanishicha, muhim mineral resurslar, jumladan, geologiya-qidiruv, qazib olish va qayta ishlashning butun qiymat zanjiri bo‘ylab investitsiyalarga ustuvor ahamiyat beriladi. Shuningdek, kelajakda mineral resurslar va infratuzilma loyihalari uchun yangi AQSh–O‘zbekiston qo‘shma investitsiya xolding kompaniyasini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan so‘ng AQSh Markaziy Osiyo respublikalari bilan munosabatlarni yanada mustahkamladi.
“2025-yil noyabr oyida AQSh yetakchisi Oq uyda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlat rahbarlarini qabul qildi. Shu oy boshida foydali qazilmalar bo‘yicha sammit o‘tkazilib, unda 11 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston bilan muhim mineral resurslarni yetkazib berish bo‘yicha qator memorandumlar imzolandi”, deya fikr yuritilgan agentlik materialida.
Manbada taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirmoqda. Qariyb 40 million aholi yashaydigan mamlakatda oltin, uran va misning katta zaxiralari, zamonaviy texnologiyalar asosida yotgan litiy va volfram kabi o‘nlab muhim minerallarning hali o‘zlashtirilmagan katta zaxiralari mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
