Logo

Termiz muloqoti o'zaro hurmat va umumiy mintaqaviy manfaatlarga asoslangan sheriklikka namuna bo'la oladi

May 22, 2025. 20:59 • 3 daq

132
Termiz muloqoti o'zaro hurmat va umumiy mintaqaviy manfaatlarga asoslangan sheriklikka namuna bo'la oladi

TOSHKENT, 23-may. /"Dunyo" AA/. 21-may kuni Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi doirasida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov qator xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi ekspertlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, Finlyandiyaning Marti Axtisaari tinchlik jamg'armasi bo'lim boshlig'i Edvard Markyus, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining Xalqaro munosabatlar instituti direktori Shiri Shiriyev, Germaniyaning "Bergxof" jamg'armasi bo'lim boshlig'i Basir Feda, AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornell hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti bo'lim boshlig'i Chjan Nin bilan samarali muloqotlar bo'lib o'tdi.

Muzokaralar davomida ishtirokchilar Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlashda istiqbolli platforma sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdilar.

 Edvard Markyusning so'zlariga ko'ra, mintaqaviy bog'liqlikni mustahkamlash xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam iqtisodiy o'sishni ta'minlashda misli ko'rilmagan imkoniyatlarni ochadi. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasida yaqqol ko'rinadi. Ularning ko'p tomonlama hamkorlikda erishgan yutuqlari o'z samaradorligini ko'rsatibgina qolmay, boshqa mintaqalar uchun o'zaro hamkorlik borasida namuna ham bo'lishi mumkin.

"Bergxof" jamg'armasi eksperti Basir Feda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashda O'zbekistonning roli tobora ortib borayotganini e'tirof etib, mamlakatimizning Afg'oniston bo'yicha olib borayotgan tashqi siyosatiga alohida e'tibor qaratdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston Afg'oniston kelajagi bo'yicha strategik qarashlarni ishlab chiqdi. Bugungi kunda O'zbekiston mintaqada tinchlik tashabbuslarini amalga oshirish va uni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo'yicha o'ziga xos "lokomotiv" vazifasini o'tamoqda. Ekspertning so'zlariga ko'ra, Afg'onistonning mintaqadagi integratsiya jarayonlariga izchil jalb etilishi nihoyatda muhim qadamlardan biri bo'ldi.

Svante Kornellning fikricha, bugun Afg'onistonning mintaqaviy rolini qayta ko'rib chiqish va uni xalqaro hamjamiyatga to'liq integratsiya qilish yo'llarini topish har qachongidan ham muhim. Shu nuqtai nazardan, Termiz muloqoti O'zbekistonning diplomatik yetakchiligining yorqin misolidir.

– Barcha rivojlangan davlatlar bilan mustahkam va muvofiqlashgan munosabatlarni o'rnatgan O'zbekiston Afg'oniston hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik qilishga yordam beradigan o'ziga xos nufuzga ega, – dedi amerikalik ekspert.

Uning fikricha, Termiz muloqoti o'zaro hurmat va umumiy mintaqaviy manfaatlarga asoslangan sheriklikka namuna bo'la oladi.

Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti ekspertlarining fikricha, Termiz muloqoti mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga xizmat qilib, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi. Shuningdek, Termiz muloqoti infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va transport yo'laklarini shakllantirish uchun qulay sharoitlar yaratadi, bu esa Xitoyning "Bir makon, bir yo'l" tashabbusiga mos keladi.

Eslatib o'tamiz, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan. Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 nafarga yaqin ishtirokchilarni bir joyga jamladi. Ular orasida siyosiy va ishbilarmon doira vakillari, moliyaviy institutlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning mutaxassislari, jahon tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi ekspertlari bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish