Logo

Jizzax viloyatida ibtidoiy odamlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir manzillar aniqlandi

May 13, 2025. 10:13 • 2 daq

685
Jizzax viloyatida ibtidoiy odamlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir manzillar aniqlandi

TOSHKENT, 14-may./"Dunyo" AA/. O'zbekiston arxeologlari Jizzax viloyatida so'nggi paleolitdan neolitgacha bo'lgan davrlarga oid bir qator qadimiy manzilgohlarni topdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Madaniy meros agentligi ma'lumotiga ko'ra, 2025-yil 28-apreldan 6-mayga qadar mazkur agentlik hamda Yahyo G'ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri bo'limi xodimlari tomonidan Jizzax viloyatining G'allaorol tumani hududida joylashgan Nurota tog' tizmasining shimoli-g'arbiy qismida dala tadqiqot-qidiruv ishlari olib borildi.

Tadqiqotlar jarayonida tarixiy ahamiyatga ega qator arxeologik manzillar aniqlandi.

O'gat qishlog'ining g'arbiy qismida so'nggi paleolit davriga oid ibtidoiy kishilarning yashash makoni qayd etildi. Izlanishlarning dastlabki tahlillari bu hududda ming yillar avval insonlar doimiy yoki mavsumiy istiqomat qilganini ko'rsatmoqda. Qoropchi qishlog'ining shimoliy etaklarida esa neolit davriga mansub ikkita yangi makon aniqlandi.

"Topilgan manzillar insoniyatning dehqonchilik va chorvachilikka o'tish davriga oid muhim ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Yonboshtut qishlog'i shimolida joylashgan "Beshbuloq" nomli makon ham neolit davriga tegishli bo'lib, bu yerda qadimgi jamiyatlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga doir izlar topilgan", – deyiladi manbada.

Mazkur arxeologik topilmalar O'zbekiston hududida eng ibtidoiy odamlarning yashash tarixini o'rganishda muhim qadam bo'lib xizmat qiladi. Tadqiqotlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Kelgusida topilmalarning ilmiy tahlillari asosida kataloglar, maqolalar va ko'rgazmalar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

O'zbekiston Madaniy meros agentligi saytidan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish