O'zbekiston tashqi ishlar vazirining o'rinbosari YXHTning OAV erkinligi bo'yicha vakili bilan uchrashdi
Noyabr 11, 2025. 19:42 • 2 daq
• 242
TOSHKENT, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Muzaffar Madrahimov YXHTning OAV erkinligi bo'yicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda so'nggi yillarda O'zbekistonning YXHT va uning institutlari, xususan, OAV erkinligi bo'yicha vakilligi bilan hamkorlik yangi sifat bosqichiga chiqqani ta'kidlandi. O'zaro manfaatli yo'nalishlarda hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar mediasavodxonlikni oshirish, jurnalistlar va davlat organlari matbuot kotiblarining kasbiy mahoratini yuksaltirish bo'yicha xalqaro ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida turli trening va o'quv kurslarini tashkil etishning qo'shma loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrif doirasida YXHTning OAV erkinligi masalalari bo'yicha vakili Yan Bratu joriy yil 13–14-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan "OAVning xabardor va barqaror jamiyat uchun hayotiy salohiyatini ta'minlash" mavzusidagi 25-Markaziy Osiyo media-konferensiyasida ishtirok etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi