Logo

"Daily News Hungary": YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda o'tkazilishi O'zbekiston diplomatiyasining katta yutug'i

Oktabr 08, 2025. 11:09 • 2 daq

76
"Daily News Hungary": YUNESKO Bosh konferensiyasi  43-sessiyasining Samarqandda o'tkazilishi O'zbekiston diplomatiyasining katta yutug'i

 BUDAPESHT, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning ommabop "Daily News Hungary" onlayn nashrida "YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi O'zbekistonning jahon madaniy-ma'rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasining e'tirofidir" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda 2023-yil 7–22-noyabr kunlari Parijda bo'lib o'tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunlari bo'yicha navbatdagi, 43-sessiyani 2025-yilda O'zbekistonning Samarqand shahrida o'tkazish to'g'risidagi tarixiy qarorning qabul qilinishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning yuksak e'tirofi bo'lgani haqida yozilgan.

"Bu qaror O'zbekistonning katta diplomatik yutug'i hamdir, chunki YUNESKO so'nggi 40 yil ichida o'z sessiyasini Parijdan tashqarida o'tkazishi birinchi marta kuzatilmoqda. Samarqandning shunday muhim global forum o'tkaziladigan joy sifatida tanlanishi O'zbekistonning madaniyat, fan, ta'lim, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari, shuningdek, mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosining xalqaro miqyosda tan olinganligining yorqin dalilidir", – deya qayd etgan muallif.

Nashrda ta'kidlanishicha, 43-sessiya va unga hamroh bo'ladigan tadbirlarda 194 mamlakatdan 5000 dan ortiq vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Asosiy konferensiya doirasida O'zbekiston hukumati YUNESKO bilan hamkorlikda muzey faoliyatida sun'iy intellektning roli, gender tengligi, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va boshqa dolzarb masalalarga bag'ishlangan qator tadbirlarni o'tkazishi rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, asosiy konferensiya arafasida Samarqandda YUNESKOning XIV Yoshlar forumi va YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiyalarning XII Mintaqalararo uchrashuvi ham bo'lib o'tadi. "O'zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi har tomonlama rivojlanmoqda. Tashkilot ko'magida mamlakatning boy tarixi, qadimiy an'analari va milliy qadriyatlarini keng targ'ib qilish, shuningdek, ularni kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bu yo'nalishlar milliy siyosatning asosiy strategik ustuvor yo'nalishlari qatoriga kiradi", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish