Logo

Qirg'iziston OAV: Samarqandda tarixiy anjumanga tayyorgarlik yakuniy pallaga kirdi

Oktabr 10, 2025. 15:27 • 2 daq

86
Qirg'iziston OAV: Samarqandda tarixiy anjumanga tayyorgarlik yakuniy pallaga kirdi

O'Sh, 15-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning yetakchi "Alliance Press" nashrida YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o'tkazilishiga oid maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining 2025 yilda aynan Samarqand shahrida o'tkazilishi, so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak baho sifatida qayd etilgan. Shuningdek, Samarqandda tarixiy anjumanga tayyorgarlik yakuniy pallaga kirgani urg'ulangan.

"Markaziy Osiyoning eng qadimiy va buyuk shaharlaridan biri bo'lgan Samarqand o'zining muhtasham me'moriy obidalari, boy tarixi bilan nom qozongan. Shahar Sharq va G'arbni o'zaro bog'lagan qadimiy Buyuk ipak yo'lining muhim chorrahasi vazifasini o'tagan", – deb yozgan muallif.

Nashrda, shuningdek, so'nggi yillarda O'zbekiston-YUNESKO hamkorligi har tomonlama rivojlanayotgani ta'kidlangan.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azuleni bir necha bor qabul qildi. Xususan, so'nggi uchrashuv O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 12 mart kuni Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida bo'lib o'tdi",- deya alohida urg'ulangan maqolada.

Bundan tashqari, maqolada berilgan ma'lumotlarga ko'ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilyapti. Bosh konferensiya doirasida O'zbekiston tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda qator qo'shma tadbirlar o'tkazilishi ham rejalashtirilgan.

"Bosh konferensiya arafasida Samarqand shahrida YUNESKO XIV Yoshlar forumi hamda YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiyalarning XII Mintaqalararo anjumanlari ham o'tkaziladi", – deb ta'kidlangan materialda.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish