O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Dekabr 16, 2025. 18:49 • 4 daq
• 227
TOSHKENT, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi va o‘quv-ilmiy faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 28-noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan edi.
Akademiya qisqa vaqt ichida tor ixtisoslashgan taʼlim muassasasidan prokuratura va tergov-surishtiruv organlari uchun kadrlarni yagona yondashuv asosida tayyorlaydigan, taʼlimning uzluksiz tizimiga ega bo‘lgan, to‘laqonli ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.
Akademiyaning professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlari tarkibi prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy va ekspertlik muassasalarida amaliy tajribaga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirildi.
O‘tgan davrda Akademiyaga biriktirilgan hududdagi infratuzilma izchil kengaytirilib, besh qavatli maʼmuriy bino, zamonaviy oshxona, mehmonxona va talabalar uchun kovorking maydoni qaytadan barpo etildi hamda konferens-zal, kutubxona tubdan rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, 2 ta o‘quv korpusi va 2 ta yotoqxona binolari qayta taʼmirlanib, taʼlim oluvchilarni qamrab olish imkoniyati ikki baravarga oshirildi. Hozirda esa ochiq va yopiq sport majmualarining qurilishi davom etmoqda.
Nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida kriminalistika poligonlari, sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallar, Gezell oynasi bilan jihozlangan so‘roq va tanib olish xonalari, kiberpoligon, “darknet” va sud-ekspertizasi laboratoriyalaridan iborat jami 12 ta maxsus xona barpo etildi.
Akademiyada oliy taʼlimning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yo‘lga qo‘yilgan. 2023/24 o‘quv yilidan mamlakatimizda ilk marotaba “Turli tizim – yagona yondashuv” tamoyili asosida bakalavriatning “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” taʼlim yo‘nalishlarida o‘quv jarayonlari tashkil etildi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan “kiberprokuror” va “kibertergovchi”larni tayyorlash uchun kelgusi yildan boshlab “Kiberhuquq” bakalavriat yo‘nalishi tashkil etiladi.
Magistraturada “Tergov faoliyati”, “Prokurorlik faoliyati” shuningdek, milliy taʼlim tizimida yagona bo‘lgan “Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyati”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.
Malaka oshirishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy etilib, prokuratura va tergov organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta uzluksiz malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash, yangi qabul qilingan xodimlarning boshlang‘ich ixtisoslashuvini taʼminlash, vakolatli organlar surishtiruvchi va tergovchilarini qayta tayyorlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi.
Masofaviy va aralash kurslar hamda xodimlarning ehtiyojlariga asoslangan taʼlimning elektiv modeli qo‘llanib kelinmoqda. Bu – har bir xodimga butun xizmat faoliyati davomida shaxsiy taʼlim trayektoriyasi bo‘yicha o‘z malakasini uzluksiz oshirib borish imkonini yaratadi.
Portal orqali masofaviy va aralash kurslarni sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda sunʼiy intellekt asosida yaratilgan virtual assistent va haqiqiy tergov amaliyotida uchraydigan muammoli vaziyatlarni aks ettirgan raqamli simulyatsiya videolari keng qo‘llanilmoqda.
Aholiga bepul huquqiy maslahat berish uchun yuridik klinika va maxsus elektron platforma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu faoliyatga talabalar jalb etilib, tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-taʼlim markazi tashkil etilgan. Mazkur yo‘nalishda magistrlarni tayyorlash, shuningdek, ilmiy kengash faoliyatini ilmiy uslubiy jihatdan taʼminlash yo‘lga qo‘yildi.
Kiberjinoyatchilik va boshqa global tahdidlarga qarshi kurashish hamda bu borada malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida o‘tgan yilda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Akademiya tarkibida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Ahamiyatlisi, zamonaviy kiberlaboratoriyada 439 ta murakkab raqamli tadqiqot va ekspertiza o‘tkazilib, 189 ta kiberjinoyat fosh etilgan.
Akademiyaning loyiha ofisida AQSh, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Sloveniya va Shvetsiya kabi davlatlardan jalb qilingan ekspertlar hamkorligida 15 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Akademiyada 10 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalarini beruvchi kengash faoliyat olib boradi. Shundan “Korrupsiya muammolari” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash mamlakatimizda yagona bo‘lib hisoblanadi. Akademiyaning ilmiy salohiyati uch yil ichida 26 foizdan 67 foizga yetkazildi.
Prezidentimiz Akademiyaning sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallari, so‘roq va tanib olish hamda boshqa ixtisoslashtirilgan xonalari, axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi, talabalar bilan muloqot qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi