Jahon bankining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun prognozi Finlyandiya ishbilarmon doiralari diqqat markazida
Noyabr 02, 2023. 10:02 • 2 daq
• 117
XЕLSINKI, 2-noyabr. /«Dunyo» AA/. Finlyandiyaning nufuzli «EastCham-Finland» savdo palatasining yangiliklar portalida «Jahon banki Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ukraina bo'yicha prognozlarini yaxshiladi» sarlavhali maqola fin tilida e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlarining o'sish prognozlarini yaxshiladi, - deb yozgan nashr. -Kompaniyalar, kapital va mintaqaga kirib kelayotgan sarmoyalar talab va ishlab chiqarish hajmini oshirdi. Ushbu omillarni hisobga olgan Jahon banki joriy yil uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha prognozini to'rt foizdan 4,8 foizga oshirdi».
Maqolada ta’kidlanishicha, Jahon banki O'zbekiston iqtisodiyoti joriy yilda 5,5 foizga, kelasi yilda 5,6 foizga, 2025-yilga borib esa 5,8 foizga o'sishini prognoz qilmoqda.
«Bir necha yil avval O'zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va xususiy sektor o'sishini ta’minlash bo'yicha ulkan islohotlar dasturi boshlandi, - deyiladi materialda. - Shuningdek, mamlakat energetika sohasini isloh qilishga katta sarmoya kiritish istagida».
Finlyandiya onlayn nashri O'zbekiston iqtisodiyoti bu yil eksport, pul o'tkazmalari va boshqa omillar sabab o'sganini ma’lum qilgan.
«O'zbekiston avtomobil, metall, meva va sayyohlik xizmatlari eksportini oshirdi, gaz, to'qimachilik va kimyo mahsulotlari eksportini esa kamaytirdi»,- deb yozgan «eastcham.fi».
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi