O‘zbekiston delegatsiyasi TDT soliq idoralari rahbarlari yig‘ilishida qatnashdi
Iyun 17, 2026. 21:17 • 2 daq
• 14
BUDAPESHT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar soliq idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yig‘ilish Vengriya tomoni tashabbusi bilan 2025-yilda Budapeshtda bo‘lib o‘tgan TDT sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston nomidan Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ishtirok etdi. Shuningdek, yig‘ilishda Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkiya soliq idoralari rahbarlari ham qatnashdi.
Uchrashuv davomida soliq siyosati va ma’muriyatchiligining dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Soliq organlarini raqamli transformatsiya qilish, zamonaviy elektron xizmatlarni rivojlantirish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishini rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar TDTga a’zo davlatlar soliq idoralari oldida turgan zamonaviy muammolarni muhokama qilib, amaliy hamkorlikni kengaytirish, soliq ma’muriyatchiligi sohasida tajriba va ilg‘or xalqaro amaliyotlar almashishga tayyor ekanini ta’kidladilar.
Turkiy davlatlar soliq organlari o‘rtasidagi institusional hamkorlikni mustahkamlash tashkilotning iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, raqamli sheriklikni rivojlantirish va milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan strategik maqsadlariga mos kelishi qayd etildi.
Tadbir yakunida tomonlar kasbiy muloqotni yanada rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va tashkilotga a’zo davlatlar soliq tizimlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi