“Orta Lectura”: Toshkent xalqaro investitsiya forumiga 100 davlatdan 8 mingdan ortiq vakil yig‘ildi
Iyun 17, 2026. 20:09 • 2 daq
• 41
MADRID, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning yetakchi “Orta Lectura” nashrida V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TXIF-2026) bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Toshkent jahon kapitalini o‘ziga jalb etuvchi markazga aylanayotgani hamda forumda umumiy aktivlari 42 trillion dollarni tashkil etuvchi investorlar birlashayotgani ta’kidlangan. 16–18-iyun kunlari “Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik” shiori ostida o‘tayotgan ushbu tadbir ishtirokchilar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Forumda qatnashish uchun dunyoning 100 ta davlatidan 8 mingdan ortiq vakil, jumladan, 3 mingdan ziyod xorijiy delegat ro‘yxatdan o‘tgan. Ular boshqarayotgan jami aktivlar miqdori global yalpi ichki mahsulotning qariyb 38 foiziga teng. Ishtirokchilar safida “BlackRock”, “JPMorgan Chase”, “Citibank”, “Goldman Sachs” kabi moliyaviy gigantlar hamda “Airbus”, “John Deere”, “Mitsubishi Heavy Industries” singari sanoat yetakchilari bor.
Ispaniya nashrining yozishicha, bu yilgi TXIF dasturi uchta asosiy yo‘nalishga – geologiya, kritik minerallar, toza energetika va sun’iy intellektni qamrab olgan “Yangi ufqlar”, Fors ko‘rfazi, Osiyo va Yevropa kapitalini jalb etuvchi “Yangi sheriklik” hamda O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va qonun ustuvorligini aks ettiruvchi “Institusional barqarorlik” tamoyillariga asoslangan.
Tadbirning siyosiy nufuzi ham katta bo‘lib, hukumat delegatsiyalari soni o‘tgan yilgi 26 tadan 62 taga ko‘paydi. Anjumanda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Russeff kabi nufuzli shaxslar ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, forum doirasida “Silk Road Night Run” tungi marafoni va “TIIF Open” tennis turniri kabi sport tadbirlari ham o‘rin olgan.
Maqola yakunida “Bloomberg”, “Reuters” va “BBC” kabi dunyoning yetakchi OAVlaridan kelgan 209 nafar xorijiy jurnalist tomonidan yoritib borilayotgan ushbu forum yakunlari bo‘yicha imzolanadigan o‘nlab milliard dollarlik bitimlar O‘zbekiston va butun mintaqa iqtisodiyotiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi alohida e’tirof etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi