Moskvada O'zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo'yicha hujjatlar imzolandi
Sentabr 26, 2025. 18:53 • 2 daq
• 262
TOSHKENT, 26 sentyabr. "Dunyo" AA/. Moskvada o'tayotgan Jahon atom haftaligi doirasida O'zbekiston va Rossiya o'rtasida ikkita strategik muhim bitimlar imzolandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zatom" agentligi telegram-kanali ma'lumotiga ko'ra, birinchi hujjat – "Rosatom Energetika loyihalari" AJ va "AES qurilishi direksiyasi" davlat korxonasi o'rtasida 2025 yil 20 iyundagi Bitimga O'zbekistonda integratsiyalashgan Atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to'g'risidagi qo'shimcha bitim.
Hujjat 3+ avloddagi 2 ta VVER-1000 reaktorlari va 2 ta RITM-200N reaktorlari negizida kichik va katta quvvatli atom stansiyalaridan iborat integratsiyalashgan AES qurilishi loyihasining konfiguratsiyasini belgilaydi.
Ikkinchi hujjat – "Rosatom Energetika loyihalari" AJ va "AES qurilishi direksiyasi" davlat korxonasi o'rtasida O'zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi va katta quvvatli atom elektr stansiyasi uchun yadro yoqilg'isini yetkazib berish bo'yicha shartnomalarning asosiy shartlari to'g'risidagi bitim.
Bitim imzolovchilar o'rtasida RITM-200N va VVER-1000 reaktor qurilmalari uchun yadro yoqilg'isi, shuningdek, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish bo'yicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.
"O'zbekistonning qoq markazida, Jizzax viloyatida biz misli ko'rilmagan energetika loyihasini yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirishda peshqadam bo'lib, biz nafaqat mintaqada birinchi stansiyani quryapmiz, balki birinchi bo'lib kelajakning innovatsion yechimini yaratyapmiz. Bizning loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilg'or texnologiyalari va katta quvvatli klassik atom energetikasining vaqt sinovidan o'tgan yechimlarining dadil birikmasidir", – dedi "O'zatom" agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.
"Bugun imzolangan bitimlar "Rosatom" va O'zbekiston o'rtasida tinch atom sohasida munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Erishilgan kelishuvlar tufayli O'zbekiston bir vaqtning o'zida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi mamlakat bo'ladi", – dedi Aleksey Lixachyov.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari