Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining BMTdagi tashabbuslari ayrim davlatlarning manfaatiga emas, balki butun insoniyat farovonligi uchun xizmat qiladi

Sentabr 30, 2025. 14:42 • 3 daq

35
Germaniyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining BMTdagi tashabbuslari ayrim davlatlarning manfaatiga emas, balki butun insoniyat farovonligi uchun xizmat qiladi

BERLIN, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Hessen federal o'lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro anjumanlardagi nutqlarini katta qiziqish bilan kuzatib boraman, har safar o'zining konstruktiv xarakteri bilan e'tiborimni tortadi. Chunki, bu insonni nafaqat o'z mamlakati, balki global ahamiyatga ega dolzarb mavzular va muammolar haqida ham o'ylaydigan davlat arbobi, deb bilaman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida ham aynan shu jihatlarni kuzatdim. E'tiborimni tortgan muhim jihatlar haqida to'xtalib o'tmoqchiman.

O'zbekiston Prezidenti o'z nutqida nafaqat mamlakat yoki mintaqa, balki butun insoniyat manfaatlariga xizmat qiladigan taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Prezident ta'kidlab o'tganidek, dunyodagi beqaror va o'zgarib borayotgan vaziyatda BMT yig'ilishining o'tkazilishi katta ahamiyat kasb etadi va tashkilotga bugun ayni paytdagi muammolarni yechish uchun yangicha yondashuv zarur. O'zbekiston Rahbari nutqida, xalqaro institutlarning ta'siri – qanchalik zarur bo'lmasin – afsuski kamayib bormoqda, nizolar keskinlashmoqda, deya to'g'ri qayd etdi.

Davlat rahbari BMT faoliyati haqida to'xtalar ekan, tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning xizmatlariga yuqori baho berganini e'tiborga loyiq deb hisoblayman.

Dunyo jamoatchiligiga Prezident Shavkat Mirziyoyev "Yangi O'zbekiston" loyihasini taqdim etgani juda muhim, deb o'ylayman. Mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik va keng qamrovli ortga qaytmas islohotlar, erishilgan barcha ijobiy o'zgarishlar va rivojlanishlar nafaqat, O'zbekiston aholisiga farovonlik olib keldi, balki mamlakatning dunyo hamjamiyatida ham munosib o'rnini mustahkamlashiga katta hissa qo'shdi.

Kuzatuvlarimdan kelib chiqib, shuni aniq ayta olamanki, mamlakat rahbari O'zbekistondagi har bir insonning, oddiy odamlarning hayoti yaxshilanishini, ularga farovon hayot taqdim etishni maqsad qilgan. Buning uchun e'tiborga molik yutuqlarga ham erishildi, xususan, O'zbekistonda kambag'allikning keskin qisqartirilishi bunga eng yorqin misoldir. Bugun mamlakatda zamonaviy sog'liqni saqlash tizimi barpo etilayotgani, kuchli gender tengligi siyosati olib borilayotgani e'tiborga loyiq.

So'zim boshida aytganimdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida jahon hamjamiyati e'tiborini global ahamiyatdagi dolzarb masalalarga ham qaratdi. Masalan, Prezident haqli ravishda barchani Afg'onistonni e'tibordan chetda qoldirmaslikga, unga farovon kelajak yaratish uchun ko'maklashishga chaqirdi, aks holda, bu hudud qayta beqarorlik o'chog'iga aylanishi mumkin. Shuningdek, Prezidentning G'azodagi qon to'kilishlariga chek qo'yilishi va nizolar tinchlik, murosa, ikki davlatni barpo etish yo'li bilan hal etilishi tarafdori ekanligi juda muhimdir. Prezident bu borada jahon hamjamiyatining aksariyati bilan hamfikr ekanligini ta'kidladi. Lekin, afsus, hali ham bunga ko'z yumayotgan, e'tiborsiz qolayotgan ishtirokchilar bor.

Xalqaro kuzatuvchi sifatida O'zbekiston Prezidentida alohida bir jihatni ta'kidlashni xohlardim, ya'ni xalqaro maydondagi muammolarga ko'z yumayotgan ishtirokchilar mavjud, biroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi dunyoning muammolariga ko'z yummaydi. U o'z so'ziga ega. Xalqaro miqyosda terrorizmga qarshi kurashish ham muhim masalalardan va bu borada ham O'zbekiston tomonidan loyihalar taklif qilindi.

O'zbekistonning bu tashabbusi faqatgina ayrim davlatlarning manfaatlariga emas, balki butun insoniyatning farovonligi uchun qo'yilgan talab, deb o'ylayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish