Logo

Xitoydan munosabat: Rasmiy Toshkentning har bir yangi tashabbusi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan g'oyalar yaratuvchisi sifatidagi intilishini namoyish etadi

Sentabr 28, 2025. 13:40 • 5 daq

295
Xitoydan munosabat: Rasmiy Toshkentning har bir yangi tashabbusi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan g'oyalar yaratuvchisi sifatidagi intilishini namoyish etadi

PEKIN, 28-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoy ekspert-tahlil doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyularida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi.

Van Minmey, "Psearcher" jurnali bosh muharriri:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi ma'ruzasida an'anaviy tarzda nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun sayyoraning dolzarb muammolaridan biri bo'lgan – ekologiya mavzusiga alohida e'tibor qaratdi.

Bu borada O'zbekistonning yutuqlari yaqqol ko'zga tashlanadi, ayniqsa, Orolbo'yidagi ekotizimni tiklash ishlarida. 2030-yilgacha Orol dengizining qurigan tubini 80 foizgacha yashil o'simliklar bilan qoplash rejalari alohida ahamiyatga ega.

O'zbekistonning xalqaro arenadagi faol sa'y-harakatlari doimiy ravishda Xitoy ommaviy axborot vositalari, jumladan bizning nashrimiz diqqat markazida bo'lib kelmoqda. Yaqinda biz "O'zbekiston va BMTning Atrof-muhit bo'yicha dasturlari (UNEP): samarali tabiiy muhitni muhofaza qilish loyihalarini ilgari surish" sarlavhali maqolani chop etdik.

Unda so'nggi yillarda O'zbekiston ekologik sohada xalqaro jamoatchilikda faol rol o'ynab, BMTning Atrof-muhit bo'yicha dasturi (UNEP) tomonidan boshqariladigan yettita asosiy global tashkilotlarga a'zo bo'lgani va tabiiy muhitni muhofaza qilish bo'yicha to'qqizta konvensiyada faol ishtirok etayotgani ta'kidlangan.

Jamoatchilikning O'zbekistondagi atrof-muhit holati to'g'risidagi xabardorligini oshirish maqsadida, UNEP ekspertlari ko'magida Milliy ekologik hisobot ishlab chiqildi. Ushbu hisobotda atrof-muhit holati va iqlim o'zgarishiga ta'sir ko'rsatayotgan omillar baholangan.

"Zamin" xalqaro jamoat fondi UNEP va Ekologiya vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan hamkorligida amalga oshirilayotgan yana bir loyiha havoning ifloslanishini avtomatlashtirilgan monitoring qilishga qaratilgan. Ushbu doirada mamlakat bo'ylab 63 ta monitoring stansiyasini o'rnatish va markazlashtirilgan tahliliy markazni yaratish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilgan ma'lumotlari hisobga olgan holda, biz O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda dolzarb ekologik dasturlarni, jumladan, O'zbekistonda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Suvni tejash bo'yicha butunjahon forumini o'tkazish bo'yicha istiqbolli rejalarini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz.

Iqlimiy migratsiya masalalarida aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy bazaning mavjud emasligini hisobga olgan holda, davlat rahbari keng qamrovli xalqaro hamkorlikni nazarda tutuvchi Global paktni qabul qilish taklifini bildirgani mutlaqo o'rinli bo'lib, bu taklif keng jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlanishi kerak.

Bugungi kunda O'zbekiston Xitoy bilan iqlim o'zgarishlari tahdidlarini kamaytirish va aholi hayotining ijtimoiy-iqtisodiy sohasiga salbiy ta'sirlarni yengillashtirish borasida faol hamkorlik qilmoqda.

"Markaziy Osiyo — Xitoy" formati doirasida Ninsya-Xuey avtonom hududida barpo etilayotgan Qumlashuvga qarshi kurash markazi doirasida qo'shma faoliyat to'g'risidagi qaror buni aniq ifodalaydi.

Lyu Syuy, Xitoy xalq universiteti huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo markazi direktori o'rinbosari:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yig'ilishidagi nutqini katta qiziqish bilan tingladim. Ma'ruzada barqaror rivojlanish dasturlari aniq aks ettirilgan, mintaqaviy xavfsizlik, iqlim o'zgarishi bilan kurashish, shuningdek, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish masalalariga keng o'rin ajratilgan.

Xitoy tomoni bugungi kunda tez o'zgarayotgan, murakkab global muhitda yashayotganligimiz haqidagi qarashlarni to'liq qo'llab-quvvatlaydi. O'zbekiston yetakchisining Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti va "ShHT plyus" uchrashuvidagi so'nggi ishtirokini tahlil qilganda, uning chiqishlari har doim dunyoda yuzaga kelayotgan murakkab jarayonlarni aniq va chuqur baholashi hamda amaliy, konkret takliflariga ega bo'lishi bilan ajralib turishini ko'rasiz.

Rasmiy Toshkentning har bir yangi tashabbusi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan g'oyalar yaratuvchisi sifatida uning intilishini namoyish etadi.

Yaqinda men Xitoyning "Diplomat" nashrida chop etilgan "Resurslar o'rniga innovatsiyalar va g'oyalar: O'zbekiston yoshlarining mamlakatning global imijini shakllantirishi" sarlavhali maqolini o'qib chiqdim.

E'tiborlisi, Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga oid masalalarni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlashni ustuvor vazifa qilib belgilagan.

Haqiqatan ham, jahon miqyosida raqobatbardosh bo'lgan yosh mutaxassislarsiz barqaror iqtisodiyot qurish yoki samarali xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish imkonsizdir.

Jahon hamjamiyati O'zbekiston yetakchisining taklifi – "Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati"ni ta'sis etish va uning  qarorgohini mamlakatingizda joylashtirish taklifini yakdil qo'llab-quvvatlashiga ishonaman.

Gao Veychjun, Sog'liqni saqlash masalalari bo'yicha davlat qo'mitasi huzuridagi Xalqaro hamkorlik markazi direktori:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida sog'liqni saqlash masalalariga, xususan, onkologik kasalliklar kabi dolzarb muammolarga alohida e'tibor qaratildi.

Xitoy raisi Si Szinpin 1-sentyabr kuni Tyanszinda o'tgan "ShHT plyus" formatidagi yig'ilishda keyingi besh yil davomida Xitoy tomoni ShHT davlatlari uchun 10 mingta saratonni skrining qilish amaliyotlarini o'tkazishga tayyorligini e'lon qildi.

Bu davlatlarimizda sog'liqni saqlash sohasidagi umumiy ustuvor yo'nalishlarini yaqqol ko'rsatadi.

Tashkilotimiz O'zbekistonning tegishli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda kasalliklarni davolash bo'yicha qo'shma dasturlarni faol amalga oshiryapti.

Shu munosabat bilan, BMT Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining faol qo'llab-quvvatlashi ostida o'tkazilishi rejalashtirilgan bolalar onkologiyasi masalalariga bag'ishlangan maxsus tadbir tashabbusini qo'llab-quvvatlaymiz.

Chu Li, Pekin xalqaro madaniyat va savdo assotsiatsiyasi ijrochi raisi:

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbaridan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning kambag'allikka qarshi kurashishdagi yutuqlarini alohida ta'kidladi. So'nggi kunlarda Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari — "Sinxua" axborot agentligi, "Jenmin jibao" gazetasi, "Kitay" va "CGTN" telekanali Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namanganda bo'lib o'tgan "Kambag'allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumining ochilish marosimidagi nutqini keng yoritdi.

Quvonarlisi, O'zbekiston va Xitoy doimiy strategik sheriklar sifatida o'zaro manfaatli barcha yo'nalishlarda, xususan, kambag'allikni qisqartirish masalasida faol hamkorlik qilmoqda.

O'zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi tashabbusi bilan O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo'mitasi tarkibida Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha quyi qo'mita tashkil etilgan bo'lib, hozirga qadar uning ikki marotaba yig'ilish o'tkazildi.

Bugungi kunda Xitoy hukumati bilan hamkorlikda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda va muayyan yutuqlarga erishilmoqda. 10 mingdan ortiq o'zbek mutaxassislari Xitoyning kambag'allikni qisqartirish sohasidagi ilg'or tajribasini o'rganish bo'yicha malaka oshirish amaliyotda ishtirok etdi. Muhimi, bu tajriba O'zbekiston sharoitiga, iqtisodiy va madaniy xususiyatlarni hisobga olgan holda moslashtirilmoqda.

O'zbekiston rahbari tomonidan 2030-yilga qadar jamiyatda kambag'allikni maksimal darajada kamaytirish maqsadiga erishishda Xitoy tajribasi yetakchi o'rin tutishiga ishonaman.

Shuningdek, turizm iqtisodiy rivojlanishning asosiy katalizatorlaridan biri va barqaror rivojlanishga erishish uchun samarali vositadir.

Xitoy tajribasidan kelib chiqib, O'zbekistonda ham sayyohlarni jalb qilish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz o'rtasida vizasiz rejim e'lon qilingandan so'ng, mashhur Xitoy sayyohlik platformalarida O'zbekistonga chipta so'rovlari ko'paydi. Faqatgina 2025-yilning birinchi yetti oyida Xitoy fuqarolarining O'zbekistonga tashriflari bir necha barobar oshdi. Bu borada "Xitoyda O'zbekiston Turizmi yili" doirasida shaharlar va viloyatlarda o'tkazilgan "Roud shou" tadbirlari muhim rol o'ynadi.

Ishonchim komilki, O'zbekistonning Xitoy sayyohlari orasidagi mashhurligi bundan keyin ham oshib boraveradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish