Logo

"The Lancet" jurnali: O'zbekiston bolalar o'rtasidagi onkologik kasalliklarga qarshi kurashish borasida boshqa mamlakatlarga o'rnak bo'lmoqda

Sentabr 26, 2025. 19:37 • 59 soniya

93
"The Lancet" jurnali: O'zbekiston bolalar o'rtasidagi onkologik kasalliklarga qarshi kurashish borasida boshqa mamlakatlarga o'rnak bo'lmoqda

TOSHKENT, 26-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Jahonga mashhur "The Lancet" tibbiyot jurnalida e'lon qilingan maqolada O'zbekistonda bolalar o'rtasidagi onkologik kasalliklarga qarshi kurashish bo'yicha erishilgan ijobiy natijalar xalqaro hamjamiyatga namuna sifatida ko'rsatildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Dunyodagi eng nufuzli va eng ko'p iqtibos keltiriladigan "The Lancet" tibbiyot jurnalida maqola chop etilishi O'zbekiston ilmiy va gumanitar tashabbuslarning global xaritasida munosib o'rin egallayotganining yorqin dalilidir.

"The Lancet" – yetakchi ekspertlar, hukumatlar va xalqaro tashkilotlar e'tiboridagi nashr. Uning sahifalarida maqola chop etilishi mavzuning nafaqat yuqori ilmiy qiymati, balki jahon kun tartibi uchun dolzarbligini anglatadi.

Maqolada aynan O'zbekiston bolalar o'rtasidagi onkologik kasalliklarga qarshi kurashish, zamonaviy tibbiyotni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida tizimli ishlayotgan davlat sifatida boshqa mamlakatlarga o'rnak qilib ko'rsatilgani alohida ahamiyatga ega.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi qabul qilingani, Toshkent shahrida Bolalar saratoni bo'yicha xalqaro akademik xab tashkil etilayotgani qayd etilgan.

Shu tarzda, "The Lancet" jurnalida chop etilgan maqola O'zbekistonning jadal rivojlanayotgan, ochiq va mas'uliyatli davlat sifatida obro'si oshib borayotganini va global muammolarni hal etishga salmoqli hissa qo'shishga qodir ekanligini tasdiqlaydi.

 

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish