Logo

O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi yangi doimiy vakili IHT bosh kotibiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Noyabr 25, 2024. 16:49 • 2 daq

1276
O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi yangi doimiy vakili IHT bosh kotibiga ishonch yorliqlarini topshirdi

JIDDA, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili, elchi Nodirjon Turg'unov IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Tohaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

IHT bosh kotibi doimiy vakilning ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni ushbu lavozimga kirishishi bilan tabrikladi va mas'uliyatli missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuvda tomonlar O'zbekiston va IHT o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Tomonlar, shuningdek, ta'lim, yoshlarni qo'llab-quvvatlash va innovatsiyalar kabi muhim yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni faollashtirishdan o'zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Bosh kotib O'zbekistonning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va madaniyati rivojiga qo'shgan salmoqli hissasini ta'kidlab, mamlakatimiz tarixan islom olamining ilmiy kashfiyotlar, falsafiy tafakkur va ma'naviy meros markazi bo'lganini alohida ta'kidladi.

Bugungi kunda O'zbekiston islom ummati birligini mustahkamlash, barqaror rivojlanish, ta'lim va madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim rol o'ynashda davom etayotgani, bu esa uni Islom hamkorlik tashkiloti maqsadlarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biriga aylantirayotgani urg'ulandi.

Eslatib o'tamiz, Nodirjon Turg'unov 2024 yil mart oyida O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyoz shahriga tashrif buyurgan edi.

Diplomat 2016 yildan beri TIV tizimida. O'tgan yillar davomida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib bordi. Xususan, 2019-2021 yillarda O'zbekistonning Oqtov shahrida (Qozog'iston), 2021-2024 yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul bo'lib ishlagan.

Nodirjon Turg'unov 2018-2024 yillarda O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulug'bek Maqsudov o'rniga tayinlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish