Belgraddan munosabat: O‘zbekistonning ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi harakatlari e’tirofga loyiq
Noyabr 26, 2026. 13:00 • 3 daq
• 261
BЕLGRAD, 26 noyabr. /“Dunyo” AA/. Belgrad universiteti professori Aleksandr Valyarevich “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasidagi uchrashuvlarini diqqat bilan kuzatdim.
Bu nufuzli tadbir O‘zbekiston uchun nafaqat iqlim o‘zgarishi, balki suvni tejash, yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishiga qarshi kurashish hamda boshqa qator masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Prezidentining sammitdagi ma’ruzasi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va suv resurslarini boshqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar kelajakda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston uchun ham eng muhim ekologik masalalardan biri suv resurslarini samarali boshqarishdir. Mamlakat qishloq xo‘jaligi va aholi ehtiyojlari jihatidan Amudaryo va Sirdaryo havzalariga katta darajada bog‘liq. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi umumiy suv iste’molining qariyb 90 foizini tashkil etadi.
Shu sababli irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biridir. Bu borada zamonaviy geoaxborot tizimlari, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish katta imkoniyatlar yaratadi. Ular orqali suv resurslarining holatini kuzatish, ifloslanish xavfini aniqlash va suvdan foydalanish samaradorligini baholash mumkin.
Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik muammolardan biri – Orol dengizi fojiasidir. Dengizning qurishi natijasida tuproq sho‘rlanishi, chang va tuz bo‘ronlari, biologik xilma-xillikning kamayishi hamda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar kuchaydi.
O‘zbekistonning Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash, qurib qolgan dengiz tubida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va tabiiy ekotizimlarni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlari xalqaro e’tirofga loyiq.
Biroq bu jarayon uzoq muddatli ilmiy monitoring va kompleks yondashuvni talab qiladi. O‘simlik qoplami, tuproq sho‘rlanishi, suv ta’minoti va yerlarning degradatsiyasini muntazam baholash zarur. Bunda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va geofazoviy tahlil usullari samarali vosita bo‘la oladi.
Shu bilan birga, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtiradi.
Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sish va tabiatni muhofaza qilish bir-biriga zid emasligini, aksincha, ular o‘zaro bog‘liq maqsadlar ekanini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi