Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidenti o'z nutqida zamonaviy dunyo oldida turgan asosiy masalalar bo'yicha o'z qarashlarini taqdim etdi
Sentabr 24, 2025. 16:37 • 2 daq
• 35
ISLOMOBOD, 24-sentabr. /"Dunyo" AA/. "Milliy muloqot forumi" tahlil markazi ijrochi direktori Shexriyar Xon (Pokiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi.

– Markaziy Osiyodagi o'zgarishlarni va O'zbekistonning xalqaro miqyosdagi faolligini diqqat bilan kuzatayotgan ekspert sifatida men Prezident Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahrida o'tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi ishtirokining ahamiyatini alohida ta'kidlamoqchiman.
O'zbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi an'anaviy protokol ishtiroki doirasidan ancha chetga chiqdi va Toshkentning nafaqat global miqyosdagi o'zining ustuvor yo'nalishlarini belgilash, balki xalqaro munosabatlarning kelajakdagi rivojiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan konstruktiv tashabbuslarni dunyoga taklif etish istagini ifodalashi aniq.
O'zbekiston Prezidentining umumiy munozarada so'zga chiqqani va zamonaviy dunyo oldida turgan asosiy masalalar bo'yicha o'z qarashlarini taqdim etgani juda muhim, deb hisoblayman. Uning mintaqaviy va global ahamiyatga ega bo'lgan tashabbuslarni e'lon qilishi alohida qiziqish uyg'otdi.
So'nggi yillarda O'zbekistonda yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transmilliy tahdidlarga va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan g'oyalar izchil ilgari surilmoqda. Nyu-Yorkda bu tashabbuslar xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlandi.
Men bir qator oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazilganini tashrifning birdek muhim jihati deb bilaman. Koreya Respublikasi, Estoniya, Belgiya, Polsha, Avstriya va Vyetnam rahbarlari bilan muzokaralar Toshkent diplomatik faoliyatining geografik jihatdan keng qamrovli ekanligini ko'rsatadi. Bu O'zbekiston o'zining hamkorlar doirasini maqsadli ravishda kengaytirib, nafaqat yaqin qo'shnilari, balki Yevropa va Osiyoning muhim davlatlari bilan ham aloqalarni mustahkamlab borayotganidan dalolatdir. Ishonchim komilki, bunday aloqalar siyosiy muloqotni mustahkamlash, o'zaro tovar ayirboshlash va sarmoyalarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.
Nazarimda, O'zbekiston Prezidentining Nyu-Yorkda bo'lishi ham ramziy ahamiyatga ega. Yillik yirik xalqaro forumda ishtirok etish mamlakatning global muloqotning faol va mas'uliyatli ishtirokchisi bo'lishga tayyorligini ko'rsatadi va uning ko'p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini ta'kidlaydi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda muhim, chunki O'zbekiston nafaqat o'z manfaatlarini, balki kengroq mintaqaviy kontekstni ham ifodalovchi ko'prik vazifasini samarali bajarmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari