Logo

Ozarbayjondan munosabat: O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surdi

Sentabr 25, 2025. 13:00 • 3 daq

81
Ozarbayjondan munosabat: O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surdi

BOKU, 25-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjonlik taniqli siyosatshunos Ilgar Velizade "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Bu O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida birinchi marta chiqishi emas. Bu davlatingiz rahbarining BMTdagi to'rtinchi chiqishi. O'zbekiston rahbari har safar xalqaro hamjamiyatga murojaat qilar ekan, barqarorlikni mustahkamlash va mintaqani rivojlantirish bo'yicha amaliy qadamlarga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Uning takliflari an'anaviy tarzda Markaziy Osiyo aholisining turmush darajasini oshirish, mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transchegaraviy resurslarni birgalikda boshqarishga qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlik, suv-energetika salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy muammolarni birgalikda hal etish muhimligini ta'kidlaydi.


O'zbekiston Prezidenti bu gal ham Markaziy Osiyoni xavfsizlik, taraqqiyot va xalqaro hamkorlik chambarchas bog'langan makon ekanligini yana bir bor qayd etdi. Uning murojaatida barqaror rivojlanish, global tahdidlar va ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurash, yangi chaqiriqlar qarshisida xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish zaruriyati bilan bog'liq qoidalar o'rin olgan.


O'zbekiston Prezidenti ijtimoiy kun tartibiga alohida urg'u berib, davlatlar uchun "hech kimni ortda qoldirmaslik" tamoyiliga asoslangan ixtiyoriy majburiyatlarning xalqaro kodeksini yaratishni taklif qildi. Ushbu tashabbus inqirozli vaziyatlarda milliy xulq-atvorning universal qoidalarini ishlab chiqish va hayotiy resurslardan noto'g'ri foydalanish xavfini minimallashtirishga qaratilgan.


O'zbekiston yetakchisi tomonidan e'lon qilingan yangi tashabbuslar, jumladan, kambag'allikni darajasini 35 foizdan 6,6 foizga kamaytirish, maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish 27 foizdan 78 foizga, oliy ma'lumotli aholi ulushini 9 foizdan 4 foizga oshirish kabi salmoqli muvaffaqiyatlar yuksak tahsinga sazovor. Menimcha, O'zbekiston rasman rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiritilgan bo'lsada, bu ichki rivojlanish ko'rsatkichlari bo'yicha u allaqachon ko'plab rivojlangan davlatlarnikiga mos keladi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida inson manfaatlari, qadr-qimmati va farovonligiga alohida e'tibor qaratilayotgan "Yangi O'zbekiston" konsepsiyasiga ham alohida to'xtalib o'tdi. Mamlakat inson, uning qadr-qimmati, huquqlari, sifatli ta'lim, tibbiy xizmatdan foydalanish, adolatli sudlovni ta'minlash asosiy qadriyat bo'lgan davlatga aylanayotganini alohida ta'kidlandi. Bu shunchaki shior emas, balki "davlat shaxsdan ustun" tamoyilidan "davlat shaxs manfaati yo'lida" tamoyiliga yo'naltirilgan davlat siyosatining modelidir.


Ko'pgina rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu cheklangan resurslar bilan ham, to'g'ri ustuvorliklar bilan taraqqiyotga erishish mumkinligini ko'rsatadi. Buning uchun islohotlar va ochiqlik, fuqarolik jamiyati bilan yaqin muloqotni yo'lga qo'yish, yangi chaqiriqlarga moslashishga tayyor bo'lish uchun siyosiy iroda zarur, buni bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston yaqqol namoyon etmoqda.


Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTga yangi murojaati Toshkentning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surish bo'yicha izchil diplomatik sa'y-harakatlarining davomi bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish