Yaponiyadan munosabat: O'zbekiston Prezidentining jahon minbarida qilgan nutqi xalqaro jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega
Sentabr 30, 2025. 12:27 • 3 daq
• 105
TOKIO, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Yaponiya ijtimoiy-siyosiy va ilm-fan doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi.

Yasutoshi Nishimura, Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi yuqori palatasi deputati, Yaponiya parlamentining O'zbekiston bilan do'stlik ligasi bosh kotibi:
– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so'zlab, dunyo davlatlarini o'zaro hamkorlik, ochiq muloqot va uzoq muddatli strategik sheriklikni rivojlantirishga chaqirdi. Bu nutq, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va global mas'uliyatni uyg'unlashtirishda O'zbekistonning ahamiyatli rolini yana-da ravshan namoyon etdi.
Yaponiya O'zbekistonni muhim strategik hamkor sifatida qarashda davom etadi. Umid qilamanki, Yaponiya va O'zbekistonning birgalikdagi sa'y-harakatlari global muammolarni samarali hal etishda sezilarli hissa qo'shadi va ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'taradi.
Fumixiko Kato, Yaponiyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi, "Yaponiya-O'zbekiston" do'stlik jamiyati raisi, Yaponiya neft milliy federatsiyasi raisi o'rinbosari-ijrochi direktori:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi, Markaziy Osiyoda yetakchi rol o'ynaydigan davlat rahbari sifatida, ishonch, maqsadlilik va strategik qarashlarga to'la bo'ldi.
Nutqda Prezident mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarga alohida to'xtaldi. Shuningdek, O'zbekiston demokratik jamiyat, qonun ustuvorligi va barqaror rivojlanish maqsadlariga intilayotgan "yashil" jamiyatni barpo etishga alohida e'tibor qaratayotgani ta'kidlandi. Bu yutuqlar va mamlakatning kelgusi strategiyalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning rahbarlik madaniyati va global siyosiy fikrlash qobiliyatini yaqqol namoyon etadi.
O'zbekiston Prezidenti mintaqaviy va global muammolarga ham qat'iy munosabat bildirdi. G'azo sektorida "ikki davlat — ikki xalq" tamoyilini qo'llab-quvvatlashi, Ukraina inqirozida esa diplomatik yo'l bilan muammoni hal qilish ahamiyatini ta'kidlashi bejiz emas. Shu bilan birga, O'zbekistonning BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish tarafdori ekani aniq va ravshan ifoda qilindi.
Shuningdek, O'zbekiston Prezidentining mamlakat yetakchisi sifatida o'z pozitsiyasini ochiq va qat'iy ifoda etishi menda katta taassurot qoldirdi.
O'zbekiston yetakchisining jahon minbarida qilgan nutqi xalqaro jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo'ldi, deb hisoblayman. Bu nutq uning xalqaro arenadagi yetakchilik qobiliyati, strategik fikrlash va mintaqaviy hamda global mas'uliyatni uyg'unlashtirish salohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Yoxey Ishikava, Yaponiyaning "NIKKEI" gazetasi bosh muharriri va Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi bo'yicha ekspert:
– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslar bilan tanishib chiqdim. Ta'kidlash joizki, nutqda "Yangi Markaziy Osiyo" va "Yangi O'zbekiston" g'oyalari asosiy strategik tamoyil sifatida belgilab berilgan. Nutqda ayniqsa mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, davlatlar sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish hamda mintaqaviy integratsiya orqali Yangi Markaziy Osiyo va Yangi O'zbekistonni shakllantirish masalasi alohida urg'ulangan.
Prezident o'z nutqida global ahamiyatga ega dolzarb muammolarni hal etishda O'zbekistonning aniq va amaliy tashabbuslarini ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar orasida BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish, suv resurslarini barqaror va birgalikda boshqarish, qurolli to'xtovni ta'minlash, iqlim o'zgarishiga qarshi kurash, yashil energiya va sun'iy intellektni rivojlantirish hamda Afg'oniston masalasi alohida ahamiyatga ega bo'ldi. Bu tashabbuslar O'zbekistonning mintaqaviy va global siyosiy maydonida mas'uliyatli va faol ishtirokchi sifatidagi roli mustahkamlanishini ko'rsatadi.
Shu bilan birga, O'zbekiston rahbari ko'p qutbli dunyo shakllanayotgan bugungi global kontekstda Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro siyosat va global muammolarni hal etishdagi ishtiroki va tashabbuslarini yuqori baholash zarurligini qat'iy ta'kidladi.
Umuman olganda, O'zbekiston Prezidentining nutqi strategik fikrlash, global va mintaqaviy siyosiy masalalarga munosabat hamda O'zbekistonning jahon siyosiy maydonidagi roli haqida qat'iy va ravshan qarashlarni aks ettirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari