Logo

O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati Ozarbayjonda namoyish etildi

Sentabr 27, 2023. 11:55 • 2 daq

97
O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati Ozarbayjonda namoyish etildi

BOKU, 27-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalarni tahlil qilish markazida ushbu tuzilma tomonidan nashr etilgan "Turkiy davlatlar iqtisodiyoti" nomli kitob taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Tadbirda turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Ozarbayjonning rasmiy, siyosiy, ekspert-tahlilchi va ishbilarmon doiralari vakillari hamda Boku shahrida akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.


Tadbir davomida ishtirokchilarga O'zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, respublikaning 2017-2021 yillarga mo'ljallangan harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida iqtisodiyotning turli jabhalarida erishgan yutuqlari, shuningdek, 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida batafsil ma'lumot berildi. Investitsiya muhitini yaxshilash va biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi natijalarga alohida e'tibor qaratildi.


Taqdimot mehmonlariga O'zbekistonning xorijiy sheriklar bilan o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi faol sa'y-harakatlari haqida ham ma'lumot berildi. Misol tariqasida, yig'ilganlar e'tibori mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy almashuv ko'rsatkichlarining bir necha bor o'sganiga qaratildi.


Taqdimotning deyarli barcha ishtirokchilari bugungi globallashuv davri mamlakatlar o'rtasida o'zaro hamkorlikni jadal rivojlantirish zarurligini taqozo etishini, aks holda, insoniyat jiddiy qiyinchiliklar va tahdidlarga duch kelishi mumkinligini yakdillik bilan ta'kidlashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish