Tashqi ishlar vazirligi media kun tartibini diplomatik kun tartibidan ajratish zarurligini ta'kidladi
Fevral 01, 2025. 16:05 • 4 daq
• 2619
TOSHKENT, 1-fevral. / "Dunyo" AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov media makondagi bir qator dolzarb mavzularga izoh berdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1. Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o'zbeklarga nisbatan shovinistik va ochiq haqoratomuz bayonotlari aks etgan video tarqaldi. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu videoga javoban qanday choralar ko'rdi?
Javob: Javob berishni boshlashdan oldin media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarurligini ta'kidlamoqchiman. Vaqti-vaqti bilan OAVlarining kun tartibida ba'zi voqealar yoki bayonotlar tufayli shovqinlar paydo bo'ladi. Lekin ular voqelikni to'g'ri aks ettira olmasligi, ba'zan esa uni juda buzib ko'rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan OAV va bloglar olami vakillarini tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikga chaqiramiz. Biz hamkorlikka doim ochiqmiz.
Videoning o'ziga kelsak, albatta, qaysi millatga mansub bo'lishidan qat'iy nazar, xalqimizga qarata aytilayotgan bunday gaplarni mutlaqo qabul qilib bo'lmaydi. O'zbekiston o'z fuqarolarining huquqlari, sha'ni va qadr-qimmatini qayerda bo'lishidan qat'iy nazar doimo himoya qilgan va himoya qiladi.
Biz axborot maydonini muntazam ravishda kuzatib boramiz. Ushbu video internetda topilishi bilanoq, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali zudlik bilan murojaat qilingan. Bunday paytlarda asl manbani topish va materialning haqiqiyligini tekshirish juda muhimdir.
Tabiiyki, Rossiya tomoni shu zahotiyoq "Bunday haqoratomuz bayonotlar, kim tomonidan aytilishidan qat'iy nazar, chuqur afsuslanarliligi"ni ta'kidladi.
Tekshiruvlar natijasida ushbu material provokatsion xususiyatga ega bo'lib, xalqlarimiz o'rtasidagi munosabatlarga nizo keltirib chiqarishga urinayotgan buzg'unchi kuchlar tomonidan to'qib chiqarilgani ma'lum bo'ldi.
Rossiya tomonining xabar berishicha, videoda tilga olingan shaxs Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emas. Hozirda Rossiyaning rasmiy OAVlari ham bu borasida qator materiallarni e'lon qilmoqda.
Yana bir bor barchaga har qanday axborot materialini tarqatishda mas'uliyat bilan yondashish zarurligini eslatib o'tamiz. Tasdiqlanmagan manbalardan olingan kontentni targ'ib qilishni nomaqbul deb hisoblaymiz.
2. Savol: 19-yanvar kuni G'azoda o't ochishni to'xtatish va garovga olinganlarni almashish haqidagi kelishuv kuchga kirdi. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bu boradagi pozitsiyasi qanday?
Javob: O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi G'azoda o't ochishni to'xtatish va garovga olinganlar almashinuvini olqishlaydi. Biz ushbu kelishuvlarni keskinlikni pasaytirish va mintaqada uzoq kutilgan tinchlikni ta'minlash yo'lidagi juda muhim ijobiy qadam sifatida qaraymiz.
Biz Qatar, AQSh va Misrning kelishuvga erishishdagi sa'y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Biz barcha tomonlarni kelishuv shartlariga rioya qilishga chorlab qolamiz.
O'zbekiston Yaqin Sharqda barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan xalqaro sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashga sodiq qoladi.
3. Savol: O'zbekiston 1-yanvar kuni BRIKS bo'yicha hamkor davlatga aylandi. Mamlakatimizning ushbu assotsiatsiyadagi ishtirokidan qanday foyda kutilmoqda?
Javob: BRIKS ko'p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va dinamik birlashmasi hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, bunday o'zaro hamkorlik modeli BMTning markaziy rolini saqlab qolgan holda yana-da adolatli dunyo tartibining yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo'lishi mumkin.
BRIKS a'zolarining aksariyati bizning an'anaviy hamkorlarimizdir. Biz birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlarni ko'zlaymiz. BRIKS katta imkoniyatlarga ega ulkan bozordir. Uyushma a'zolari bilan aloqalarning har tomonlama kengayishi xalqimiz farovonligini ta'minlashda ijobiy o'rin tutadi.
4. Savol: Ikkinchi uchrashuvi Anqarada bo'lib o'tgan Ozarbayjon va Turkiya bilan uch tomonlama hamkorlik platformasini O'zbekiston qanday baholaydi? Boshqa davlatlar bilan ham shunday uch tomonlama format yaratish yoki unga boshqa davlatlarni jalb qilish orqali Boku-Toshkent-Anqara formatini kengaytirish imkoniyatlari ko'rib chiqilmoqdami?
Javob: Biz ushbu platformani mamlakatlarimiz o'rtasidagi foydalanilmagan ulkan salohiyatni ro'yobga chiqarish uchun juda muhim maydon deb bilamiz.
Uchrashuv kun tartibi juda boy bo'lib, hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oldi. Barcha ishtirokchilar tomonidan mintaqaviy va global xarakterdagi dolzarb masalalar bo'yicha mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun bor kuch-g'ayratimizni ishga solishga kelishib oldik. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalarni yaxshilash zarurligi ta'kidlandi.
Xabaringiz bor, birinchi uchrashuv 2022-yilda bo'lib o'tgan. Toshkentda hozirgisi ketma-ket ikkinchi va boshqa davlatlarni jalb qilish masalasi hali bu formatda kun tartibida emas.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi