O'zbekiston hunarmandlari ilk bor Kuala-Lumpurda o'tayogan ASEAN san'at va milliy hunarmandchilik ko'rgazmasida ishtirok etmoqda
Oktabr 19, 2025. 13:05 • 2 daq
• 298
KUALA-LUMPUR, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 10-20-oktyabr kunlari Malayziya poytaxtida ASEAN san'at va milliy hunarmandchilik ko'rgazmasi (ASEAN Arts & Crafts Bazaar – 2025) bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchixonasi va Respublika "Hunarmand" uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur ko'rgazmada ilk bor O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi.
Malayziya Turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzuridagi Hunarmandchilikni rivojlantirish korporatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko'rgazmada, shuningdek. 15 ga yaqin xorijiy mamlakatlar, shu jumladan ASEAN tashkilotiga a'zo davlatlar, Xitoy, Turkiya va O'zbekiston hunarmandlari hamda OAV vakillari ishtirok etayapti.
Tadbir doirasida hunarmandchilikning turli sohalari mahsulotlari namoyish etildi va ularni tayyorlash bo'yicha hunarmand ustalar tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. O'zbekiston milliy stendida "Otashin kulolchilik" kompaniyasi ustalari tomonidan o'zbek milliy kulolchilik buyumlari namoyish etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Malayziya Turizm, san'at va madaniyat vazirligi bosh kotibi Shaharuddin Abu Sohot ushbu xalqaro san'at va hunarmandchilik tadbiri turli xalqlarni va madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga va mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlik aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo'shishini ta'kidladi. U o'zbekistonlik ustalarga ushbu tadbir doirasida xalqaro hunarmandchilik mahsulotlarining namoyishini tashkil etishga qo'shgan hissasi uchun maxsus sertifikatni topshirdi.
Oddiy soz tuproqdan moʻjiza yaratayotgan shahrisabzlik kulollar mehnati ko'rgazmaga kelgan Malayziya Qirollik oilasi a'zolari, vazirlik va diplomatik korpus vakillarining hayratiga sabab bo'ldi. Xususan, shahrisabzlik mohir usta Rustam Muzaffarov tomonidan tayyorlangan xalq amaliy san'ati buyumlari ko'rgazma ishtirokchilarini, ayniqsa, uning faxriy mehmonlaridan biri bo'lgan Malayziyaning Melakka shtati administratsiyasi rahbari Mohd Ali bin Mohd Rustam e'tirofiga sabab bo'ldi.
Rustam Muzaffarov kulolchilar sulolasining yettinchi vakili hisoblanadi. U 2014-yilda YUNESKOning "Butunjahon sifat belgisi" bilan taqdirlangan. Hamyurtimiz ijodiy ishlari Fransiya, AQSh, Rossiya, Yaponiya va mamlakatlar galereyalarida saqlanadi. E'tiborlisi, uning ijodiy ustaxonasi dunyo madaniy obidalari ro'yxatiga kiritilgan. Rustam Muzaffarov hozirgi kunda "Maple Bear Canadian IB school in Tashkent" maktabida yoshlarga kulolchilik sirlarini o'rgatib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
"Arda Xiva" turizm majmuasida "Gilamlar jilosi" xalqaro ko'rgazma-festivali bo'lib o'tdi
O'zbekistonning IT autsorsing sohasidagi imkoniyatlari Germaniyada taqdim etildi