Logo

“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi

Dekabr 16, 2025. 17:15 • 3 daq

40
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi

TOSHKENT, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi muassisligidagi nashr – “Saodat” jurnalining 100 yilligi munosabati bilan “Saodat” jurnalining 100 yilligi: bir asrlik maʼrifat bayrami” mavzusida tantanali tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon xotin-qizlar, siyosatshunoslar, olimlar, jurnalistlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘tgan bir asr davomida “Saodat” jurnali xotin-qizlarning quvonchi va tashvishini, orzusi va intilishini, maʼnaviyati va oiladagi o‘rnini keng yoritib, ko‘plab ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishida xizmat qildi. Ushbu jurnal qanday sharoitda bo‘lmasin, doimo munis opa-singillarning odob-ahloqi, hulqi, taʼlim-tarbiyasi, adabiyot va sanʼatga qiziqishini, ilg‘or taklif va tashabbuslarni targ‘ib etib keldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova taʼkidlaganidek, “Saodat” jurnalining ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati juda katta. U jurnalning xalqimiz maʼnaviyatiga qo‘shayotgan hissasini alohida eʼtirof etib, “ko‘ngillarimizga maʼrifat, adabiyot va tarbiya ulashgan nashr” deya taʼrifladi.

Ishtirokchilar yubiley sana munosabati bilan jurnal xodimlarini samimiy tabriklab, yurtimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida qayd etdi.

Jumladan, Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, xalq shoiri Mahmud Toir, Jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov va boshqalar bosma nashrlar inqirozi hukm surayotgan bugungi texnika asrida “Saodat” jurnalining kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollar davlat boshqaruvi, ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik va sport sohalarida faol va taʼsirli kuch sifatida tan olindi. Ushbu islohotlar va ularning amaliy natijalari “Saodat” jurnalining sahifalarida izchil yoritib kelinmoqda.

Jurnalga 1925-yilda asos solingan. Turli yillarda turli nomlar bilan – 1925–1934-yillarda “Yangi yo‘l”, 1936–1950-yillarda “Yorqin turmush”, 1950–1965-yillarda “O‘zbekiston xotin-qizlari” nomlari bilan chop etilgan. 1966-yildan buyon “Saodat” nomi bilan faoliyat yuritib kelmoqda.

“Saodat” jurnaliga turli yillarda muharrirlik qilgan – Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva, Fotima Niyozova, Iqbol Akbarxo‘jayeva, Oydin Sobirova, Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva kabi serqirra ijodkorlar millatimiz xotin-qizlariga namuna bo‘ladigan ijod namunalarini yaratdi. 2018-yildan buyon jurnalga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Munavvara Usmonova rahbarlik qilib kelmoqda.

Jurnal sahifalarida “Tadbirkorlik – zamon talabi”, “Zamondoshlarimiz”, “Ayol va davr”, “Fanimiz fidoyilari”, “Mahalla hayotidan”, “Bugunning yoshlari”, “Dolzarb mavzu”, “Olisdagi yaqinlarimiz”, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz”, “Ibratli umr” kabi ruknlar ostida tahliliy-tanqidiy, madaniy-maʼrifiy maqolalar muntazam eʼlon qilib kelinmoqda.

Tahririyat jamoasini moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish maqsadida yetti nafar ijodkor xotin-qiz “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Jurnalning 2 nafar xodimi Yozuvchilar uyushmasiga, 2 nafar xodimi Jurnalistlar uyushmasiga aʼzolikka qabul qilindi.

Tadbir so‘nggida muhim sana munosabati bilan maʼnaviyat va maʼrifatga bo‘lgan yuksak eʼtibor ramzi sifatida “Saodat” jurnali jamoasiga Prezident sovg‘asi – avtomobil topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Rakhataliyeva

rakhataliyeva@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish