O'zbekistonning IT autsorsing sohasidagi imkoniyatlari Germaniyada taqdim etildi
Oktabr 14, 2025. 11:13 • 8 soniya
• 90
BЕRLIN, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida "IT Park Uzbekistan"ning Germaniyadagi vakolatxonasi tomonidan "Uzbekistan Outsourcing Conference" anjumani tashkil etildi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Forumda mezbon mamlakatning Raqamli texnologiyalar va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish federal vazirligi vakillari, IT va raqamlashtirish sohalaridagi "Gevekom GmbH", "Endax GmbH", "Schwarz Digital", "Pedersen & Partners" kabi bir qator yetakchi kompaniya va firmalar rahbarlari, ekspertlar hamda mahalliy jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirga "IT Park Uzbekistan" rahbariyati boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashdi.
Anjuman O'zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi salohiyatini namoyon etish, Germaniya biznesi bilan to'g'ridan to'g'ri aloqalarni yanada kengaytirish hamda mamlakatimizni global raqamli xizmatlar sohasida ishonchli hamkor sifatida tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Elchi Dilshod Axatov tadbir ishtirokchilarini qutlash barobarida, mamlakatimizda axborot texnologiyalari hamda raqamlashtirish sohasida erishilayotgan yutuqlar, xorijiy IT kompaniyalar, tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozli qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Diplomat respublikamizda IT-kompaniyalar soni 147tadan (2017-yil) 3 mingtagacha o'sgani, 2024-yilda O'zbekiston BMTning elektron hukumat reytingida 24 pog'ona ko'tarilib, 63-o'rinni egallagani va 2030-yilga borib kuchli 30 talikka kirishni maqsad qilinganini aytib o'tdi. Shuningdek, yurtimizning chet ellik sarmoyadorlar va biznes vakillari uchun jozibador bo'lib borayotgani ta’kidlandi. Elchi Yevropa bizneslarini, xususan, Germaniya IT kompaniyalarini "IT Park Uzbekistan"ning rag'batlari va infratuzilmasi hamda raqamlashtirish borasida erishilgan yutuqlari misolida nemis kompaniyalarini O'zbekistonda yanada faolroq ishtirok etishga taklif qildi.
"IT Park Uzbekistan" vakillarining "Uzbekistan-Strategic Partner in Global Services Expansion" mavzusidagi taqdimotida "Zero Risk" dasturi, soliq imtiyozlari, IT-vizalar va mamlakatda o'sib borayotgan kadrlar salohiyati haqida ko'rgazmali batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, IT Park keng qamrovli faoliyati, autsorsing yo'nalishida erishayotgan yutuqlari hamda unga a’zo xorij kompaniyalarining muvaffaqiyatlari haqida videoroliklar namoyish etildi.
Anjumanning ikkinchi yarmida "A Scalable and Strategic Decision" mavzusida panel sessiya tashkil etildi. Soha ekspertlari va mutaxassislari bilan bo'lib o'tgan muhokamalarda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil ma’lumot oldilar.
Bundan tashqari, tadbir davomida O'zbekiston delegatsiyasi vakillari "Gevekom GmbH", "Endax GmbH", "Schwarz Digital", "Pedersen & Partners" kabi qator yirik nemis kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o'tkazdi. Ularda O'zbekiston va Germaniya o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikning yanada jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Adrian Volkersdorf, Germaniya Federal raqamli texnologiyalar va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish vazirligi vakili:
– Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi axborot texnologiyalar sohasida ham hamkorlik juda yaxshi rivojlanmoqda. O'zbekiston aholisining katta qismi yoshlarni tashkil etadi va ular IT sohasi bo'yicha yuqori salohiyatga ega. Germaniyada esa IT mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud — taxminan 140 ming nafar IT mutaxassisi yetishmaydi. Shu sababli, Germaniyada ushbu sohada kattaroq o'sishga erishishning muhim yo'nalishlaridan biri — bu IT jarayonlarini boshqa mamlakatlarga, jumladan O'zbekistonga autsorsing qilish hisoblanadi. O'zbekistonda IT-Parkning tashkil etilishi juda katta va ijobiy qadam deb hisoblaymiz. Bu markaz mamlakatning turli hududlaridan iqtidorli mutaxassislarni o'ziga jalb qilmoqda. Yosh mutaxassislarda ham bu yerda ishlashga katta qiziqish va intilish mavjud. Bugungi kunda "IT Park Uzbekistan"ga ko'plab xalqaro kompaniyalar qiziqish bildirmoqda. Menimcha, bu mamlakat iqtisodiyoti uchun juda manfaatli va rag'batlantiruvchi rivojlanish hisoblanadi.
Bastian Kroggel, "Plug and Play" kompaniyasi menejeri:
– 2023-yildan buyon "IT Park Uzbekistan" bilan hamkorlikda mamlakatdagi startap ekotizimini rivojlantirish va uni yangi bosqichga ko'tarish ustida ish olib boryapmiz. O'tgan yillarda bu yo'nalishda katta yutuqlarga erishdik. Hozirgacha to'rtta akselerator dasturini yakunladik va beshinchi dasturni tashkil etish ishlarini boshlaganmiz. Bu dastur oktyabr oyi oxirida start oladi.
Shu vaqtgacha uchta startapga sarmoya kiritdik va bu sarmoyalarimiz bilan katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Biz O'zbekistonni startaplarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ishonchli hamkor deb bilamiz.
Filipp Klayne Yeger, "EPAM Systems" kompaniyasining Yevropa bo'yicha konsalting biznesi uchun mas’ul vakili:
– Markaziy Osiyo mintaqasi, qolaversa O'zbekiston biz uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi paytda eng tez o'suvchi bozorlardan biri sanaladi – yillik o'sish sur’ati taxminan 40 foizdan ortiq. Shu sababli biz O'zbekiston bilan hamkorlikni juda muhim deb hisoblaymiz va mijozlarimizga ham aynan shu yerda faoliyat yuritishni tavsiya etamiz, chunki sifat va narx-nisbat jihatidan qiymat juda yuqori.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
"Arda Xiva" turizm majmuasida "Gilamlar jilosi" xalqaro ko'rgazma-festivali bo'lib o'tdi
