Logo

O'zbekistonning transport-logistika salohiyati Kuala-Lumpurda bo'lib o'tgan xalqaro forumda taqdim etildi

Oktabr 15, 2025. 10:21 • 56 soniya

117
O'zbekistonning transport-logistika salohiyati Kuala-Lumpurda bo'lib o'tgan xalqaro forumda taqdim etildi

KUALA-LUMPUR, 15-oktyabr. "Dunyo" AA/. O'zbekistonning transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi Malayziyada bo'lib o'tgan ASEAN va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida transport-logistika masalalariga bag'ishlangan forumda taqdim etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Qozog'iston, O'zbekiston, Turkmaniston, Qirg'iziston, Tojikiston davlatlarining Malayziyadagi elchilari, Laos rasmiylari hamda yirik logistika kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Forumda dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega bo'lmagan mamlakatlarning transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir davomida O'zbekistonning transport-logistika salohiyati batafsil taqdim etildi. Taqdimotda mamlakatimizning geografik joylashuvi va xalqaro tranzit markazi sifatidagi ahamiyatiga alohida urg'u berildi.

Shuningdek, Malayziya va butun Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bozori bilan O'zbekistonni uzviy bog'lab turuvchi mavjud transport yo'laklari tahlil qilindi. Yuklarni tashishda muqobil va samarali marshrutlarni rivojlantirish hamda multimodal logistika yechimlarini joriy etish bo'yicha istiqbolli rejalar haqida aytib o'tildi.

O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi tovar ayirboshlashda qo'llanilayotgan transport-logistika yo'laklariga to'xtalib o'tildi.   Shuningdek, taqdimotda O'zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi bilan o'zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan yangi strategik tranzit yo'nalishlar imkoniyatlariga alohida to'xtalib o'tildi.

O'zbekiston diplomatlari Malayziyaning tashqi savdo va logistika kompaniyalari vakillari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokara o'tkazdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish