Logo

Boku shahrida O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari ko'rgazmasi  bo'lib o'tdi

May 06, 2025. 12:15 • 2 daq

748
Boku shahrida O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari ko'rgazmasi  bo'lib o'tdi

BOKU, 6-may. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 2-3-may kunlari Ozarbayjon poytaxtida O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari ko'rgazmasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yurtimiz elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ozarbayjon Fan va ta'lim vazirligi hamda "Ingla School Baku" kompaniyasi hamkorlikda o'tkazilgan ko'rgazmada mamlakatimizdagi 15 ta oliy ta'lim muassasasi vakillari qatnashdi.

Tadbirning ochilish marosimida Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, ushbu mamlakat parlamenti va O'zbekiston vakillari so'zga chiqib, so'nggi yillarda fan va ta'lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini ta'kidladilar.

O'zbekiston diplomatlari o'z chiqishlarida mamlakatimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida ta'lim sohasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, o'quv dasturlari yangilanayotgani, xalqaro standartlar va raqamli texnologiyalar joriy etilayotgani, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlik mustahkamlanayotganini qayd etishdi.

Ko'rgazma davomida, shuningdek, tibbiyot, farmatsevtika, muhandislik, axborot texnologiyalari va ko'plab zamonaviy mutaxassisliklar bo'yicha o'quv dasturlari taqdimot qilindi. Ozarbayjonlik yoshlarga O'zbekiston universitetlariga o'qishga kirish bo'yicha tartiblar haqida ma'lumot berildi.

 Ta'lim yarmarkasi davomida O'zbekiston va Ozarbayjon oliy ta'lim muassasalari vakillari o'rtasida "V2V" shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari safar davomida Boku davlat universiteti, Ozarbayjon davlat tibbiyot universiteti, Ozarbayjon arxitektura-qurilish universiteti hamda Ozarbayjon neft va sanoat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish