Logo

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Dekabr 19, 2025. 15:15 • 3 daq

153
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Yaponiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturiga muvofiq, ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava, “Sojitz”, “Sumitomo”, “Toyota”, “ITOCHU”, “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Daito Trust Construction”, “NEC”, “SBI Holdings”, “Ajinomoto”, “Japan Tobacco”, “Hitachi”, “Mitsui”, “Balcom”, “NEC”, “Eurus Energy”, “Chubu Electric Power”, “Shikoku Electric”, “Shimizu”, “Hankyu Travel International”, Yaponiya metall va energetika sohasida xavfsizlik tashkiloti (JOGMEC), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya eksport va investitsiyalarni sug‘urtalash kompaniyasi (NEXI), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO), Yaponiya MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasi (ROTOBO), “Norinchukin” va “SBI Shinsei” banklari, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi kabi yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi tomonlarning bir-biriga bo‘lgan yuksak ishonchi va iqtisodiy sheriklikni yana-da rivojlantirishga doimiy qiziqishidan dalolat ekanini bildirdi.

Taʼkidlash joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi.

Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan mazkur o‘zgarishlar natijasida Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy va texnologik sheriklaridan biriga aylandi.

Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy surʼat kuzatilmoqda: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi.

Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, so‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshdi. 2030-yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Shu maʼnoda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Energetik barqarorlikni taʼminlash va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish shular jumlasidan.

Qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini shakllantirgan holda o‘ta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoatlashgan iqtisodiyotni shakllantirish istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.

Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yana bir muhim yo‘nalish ­– zamonaviy maxsus iqtisodiy zonalarni yaratib, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish.

Misol uchun, JICA ko‘magida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda o‘zining strategik hamkori sifatida bilishini taʼkidladi.

O‘z navbatida, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qatʼiy intilishini bildirdi hamda ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish borasidagi rejalarini bayon etdi.

 

 

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish