Logo

O'zbekiston Prezidentining Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig'ilishidagi nutqi Rossiya OAV nigohida

Iyun 28, 2025. 13:29 • 2 daq

70
O'zbekiston Prezidentining Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig'ilishidagi nutqi Rossiya OAV nigohida

MOSKVA, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidentining 27-iyun kuni Minsk shahrida bo'lib o'tgan Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig'ilishidagi nutqini keng yoritdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

Xususan, "Sputnik" axborot agentligi O'zbekiston Prezidenti yig'ilish ishtirokchilarga O'zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha ishlar haqida ma'lumot bergani haqida yozdi.

"Davlat rahbari kuzatuvchi davlat maqomida amalga oshirilgan to'rt yillik hamkorlik davomida O'zbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o'sib, o'tgan yil yakuniga ko'ra 18 milliard dollarni tashkil etganini ma'lum qildi", – deyilgan nashrda.

Ta'kidlanishicha, O'zbekiston rahbari elektron tijorat, tovarlarni raqamli yorliqlash, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq sohalarda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yo'nalishlarni qamrab oluvchi alohida dastur qabul qilishni taklif qildi. "U O'zbekistonning nazorat-o'tkazish punktlarining yagona integratsiyalashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniyatini qayd etdi, – deyilgan manbada. – Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev YOII doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi".

"Mir 24" telekanali davlatimiz rahbarining mazkur yig'ilishdagi nutqiga bag'ishlangan maxsus dasturni namoyish etdi. Unda O'zbekiston Prezidenti o'z nutqida YOII mamlakatlari, tabiiy va an'anaviy hamkorlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanini ta'kidlagani urg'ulangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish