Logo

O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida

Dekabr 18, 2025. 09:38 • 3 daq

147
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida

ISLOMOBOD, 18-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News”, “Islamabad Post” elektron nashrlari, “Daily Hotline” gazetasi va “Diplomatic News Agency” saytida O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlariga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Nashrlarda Yaponiyada “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti bo‘lib o‘tishi xabar qilingan va o‘zbek–yapon aloqalarining holati chuqur tahlil qilingan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib kelgan. Anʼanaviy o‘zaro hurmat va ishonchga asoslanib, rasmiy Toshkent va Tokio hozirda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, taʼlim, madaniyat, turizm va mintaqaviy hamkorlikni qamrab oluvchi dinamik, ko‘p qatlamli sheriklik munosabatlarini shakllantirmoqda.

“O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik va muloqotni rivojlantirishda burilish nuqtasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi bo‘ldi. Ushbu tashrif yirik qo‘shma iqtisodiy, investitsiya va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga turtki berdi va uzoq muddatli hamkorlik uchun yo‘nalishni belgiladi. O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qiladi va bir-birining pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi”, – deyilgan materiallarda.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Yaponiyaning BMT organlariga nomzodligini 40 martadan ortiq va rasmiy Tokio esa O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining bir nechta rezolyutsiyalarini, jumladan, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud, deb eʼlon qilish, maʼrifat va diniy bag‘rikenglik, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roli haqidagi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvvatladi.

Ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatini O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ham tasdiqlaydi. Ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan. O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo forumi va o‘zaro tashriflar, uchrashuvlar va onlayn muzokaralar muntazam o‘tkazilmoqda.

Pokiston OAV yozganidek, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik ham yuqori darajada rivojlangan. 2002 yildan beri ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 19 ta siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Bu boradagi muhim voqea 2025-yil 25-avgustda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi strategik muloqot bo‘ldi. Ushbu yangi format hamkorlikning uzoq muddatli xususiyatini va tomonlarning barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.

Maqolalarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga alohida eʼtibor qaratilgan.

“2024-yilda Nagoyada O‘zbekiston–Yaponiya savdo uyi ochildi, bu Yaponiyaning O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini namoyish etdi. Qo‘shma iqtisodiy loyihalarni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi O‘zbekiston–Yaponiya va Yaponiya–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishlari hisoblanadi”, – deya taʼkidlangan manbalarda.

Xabar qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 84 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda va 13 ta yirik yapon kompaniyasi neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, logistika, taʼlim va turizm sohalarida akkreditatsiyadan o‘tgan vakolatxonalarga ega.

“Yaponiya bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti o‘zbek–yapon ikki tomonlama va ko‘p tomonlama siyosiy hamkorlikni chuqurlashtiradi, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytiradi, taʼlim va ilmiy aloqalarni mustahkamlaydi”, – deyiladi maqolalar xulosasida.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish