Logo

"Asdaa Oman" gazetasi: O'zbekistonning "BMT-Turizm" tashkiloti bilan hamkorligi mamlakatning jahon turizmining yetakchi kuchiga aylanishida muhim rol o'ynadi

Sentabr 21, 2025. 12:08 • 3 daq

62
"Asdaa Oman" gazetasi: O'zbekistonning "BMT-Turizm" tashkiloti bilan hamkorligi mamlakatning jahon turizmining yetakchi kuchiga aylanishida muhim rol o'ynadi

MASKAT, 21-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'monning "Asdaa Oman" gazetasida O'zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikka bag'ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

 O'zbekiston Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev qalamiga mansub ushbu maqolada O'zbekistonning turizm sohasi jadal sur'atlar bilan o'sish sur'atini boshdan kechirayotgani qayd etiladi. O'zbekistonda Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa madaniy durdonalarni kashf etayotgan sayyohlar soni ortib bormoqda va hukumat bu sohani milliy iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchisi deb hisoblab, uni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

"Birgina 2025-yilning yanvar-avgust oylarida O'zbekistonga 7,5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi, bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan o'sishda davom etmoqda. Bu natija mamlakatning jahon turizm xaritasida izchil yuksalib borayotganini ko'rsatib, infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, madaniy merosni asrab-avaylash bo'yicha olib borilayotgan keng qamrovli sa'y-harakatlar o'z samarasini bera boshlaganidan dalolat beradi", – deb yozgan muallif.

Qayd etilishicha, O'zbekistonda turizm rivoji xalqaro hamkorlik tufayli ham yaxshilanmoqda. 1993-yildan buyon mamlakatning "BMT-Turizm" tashkiloti (Butunjahon turizm tashkiloti) bilan hamkorligi O'zbekistonning jahon turizmining yetakchi kuchiga aylanishida muhim rol o'ynadi.

O'zbekiston boshidanoq nafaqat ishtirok etishga, balki xalqaro turizm siyosatini shakllantirishda yetakchi o'rin egallashga intildi. Bu Samarqand deklaratsiyasi (1994), Xiva deklaratsiyasi (1999), Buxoro deklaratsiyasi (2002) kabi muhim hujjatlarni taklif qilish va qabul qilishning harakatlantiruvchi kuchi bo'ldi. Bu tashabbuslar, xususan, tarixiy Ipak yo'li bo'ylab sayyohlikni qayta tiklash va targ'ib qilish uchun mustahkam zamin yaratdi hamda mintaqaning noyob madaniy merosini asrab-avaylash muhimligiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratishga yordam berdi.

"O'tgan bir necha yil ichida O'zbekistonning tashabbuslari kengayib, xalqaro miqyosda keng e'tirofga sazovor bo'ldi. O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e'lon qildi. Bu BMTga a'zo 80 dan ortiq davlat tomonidan qo'llab-quvvatlangan mamlakat tashabbuslarining e'tirofi bo'ldi. O'zbekiston, shuningdek, ushbu sohada xalqaro standartlarni o'rnatishga qaratilgan Xavfsiz turizmning global xartiyasini yaratishni taklif qildi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun hukumatlararo qo'mita tuzilib, O'zbekiston bir ovozdan uning raisligiga saylandi", deyilgan nashrda.

O'mon OAV ma'lum qilganidek, 2025-yil fevral oyida O'zbekiston sayohatchilar huquqlari va zamonaviy xavfsizlik standartlariga sodiqligini tasdiqlagan holda Turistlarni himoya qilish xalqaro Xartiyasiga rasman qo'shildi.

"BMT-Turizm" tashkiloti bilan hamkorlik turizmni rivojlantirishning barcha jabhalarini qamrab oladi. Bu jihatlardan eng muhimi madaniy merosni asrab-avaylash va targ'ib qilishdir. "Ipak yo'li" dasturi doirasida O'zbekiston tashkilotning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, mamlakatda kadrlar salohiyatini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilgan bo'lib, u qisqa va uzoq muddatli o'quv dasturlarini taklif etadi.

"O'zbekistonda o'tkazilayotgan xalqaro tadbirlar "BMT-Turizm" tashkiloti bilan hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2023-yil oktabr oyida Samarqand shahrida 140 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida bo'lib o'tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi shular ichida eng e'tiborlisi bo'ldi", – deya urg'ulangan materialda.

"Asdaa Oman" gazetasida bosilgan maqola "Bu yutuqlar O'zbekiston xalqaro turizm sohasida yetakchilardan biriga aylanganidan dalolatdir. Mamlakat nafaqat ichki turizm sohasini rivojlantirmoqda, balki butun dunyo bo'ylab yangi standartlar va qadriyatlarni shakllantirishga ham hissa qo'shmoqda. Kelgusi yillarda "BMT-Turizm" tashkiloti bilan hamkorlikda yangi tashabbuslar yo'lga qo'yilishi bilan birga, Akademiyaning ta'lim dasturlari kengayishi kutilmoqda. Bularning barchasi O'zbekistonning tarixiy meros, zamonaviy infratuzilma va xalqaro yetakchilikni o'zida jamlagan yirik sayyohlik markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi" – degan so'zlar bilan yakunlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish