Logo

"Diplomatic watch": O'zbekiston xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini mustahkamladi

Sentabr 24, 2025. 11:52 • 2 daq

25
"Diplomatic watch": O'zbekiston xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini mustahkamladi

VASHINGTON, 24-sentabr. /"Dunyo" AA/. AQSHning "Diplomatic watch" elektron nashrida "Aholi, gender tenglik, ayollar huquqlari va ularning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo'yicha BMT bilan hamkorlik" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ma'lum qilinganidek, 2024-yil 13-14-may kunlari Samarqand shahrida "Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv" mavzusida Osiyo xotin-qizlar forumi yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda Osiyo mintaqasining 30 dan ortiq mamlakati vakillari, BMT, YXHT, FAO hamda boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, soha ekspertlari va faol ayollar ishtirok etdi.

"Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan muhim tashabbusi – Osiyo xotin-qizlar forumi o'tkazish taklifi ayollar masalasiga nafaqat milliy, balki mintaqaviy darajada ham yondashuvni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashabbus O'zbekistonning gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi", – deyilgan maqolada.

Materialda ta'kidlanganidek, O'zbekistonda aholi turmush sifati, ijtimoiy barqarorlik va barcha fuqarolar, xususan, ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada xalqaro hamkorlik, ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg'armasi (YUNFPA) bilan o'rnatilgan uzluksiz va samarali aloqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O'zbekistonda Gender tengligini ta'minlash bo'yicha bugungi kungacha 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida", shuningdek, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonunlar milliy qonunchilik bazasini mustahkamlab, huquqiy kafolatlarni aniq belgilab berdi.

"Bundan tashqari, BMT tuzilmalari bilan hamkorlik natijasida O'zbekiston amaliyoti uchun zamonaviy mexanizmlar – gender ekspertizasi va milliy byudjetda gender auditiga xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu esa davlat siyosatining barcha bosqichlarida gender masalalarining inobatga olinishini kafolatlaydi", – deyilgan nashrda.

Maqola yakunida "Oila va xotin-qizlar qo'mitasi hamda BMT o'rtasidagi uzluksiz hamkorlik mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro mezonlar bilan uyg'unlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik O'zbekiston xotin-qizlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni hayotning turli jabhalarida faol ishtirokchisiga aylantirish hamda demografik imkoniyatlarni keng miqyosda ro'yobga chiqarish uchun muhim mexanizm bo'lib xizmat qilmoqda", – deb yozilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish