Logo

"The Times of Central Asia": O'zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2030-yilgacha kambag'allikni ikki barobar qisqartirish yo'lidan dadil bormoqda

Sentabr 23, 2025. 17:08 • 2 daq

114
"The Times of Central Asia": O'zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2030-yilgacha kambag'allikni ikki barobar qisqartirish yo'lidan dadil bormoqda

VASHINGTON, 23-sentabr. /"Dunyo" AA/. Amerika Qo'shma Shtatlarining ommabop "The Times of Central Asia" onlayn nashrida "O'zbekiston 2025-yil oxirigacha kambag'allik darajasini 6 foizga tushirishni maqsad qilgan" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston 2025-yil oxirigacha kambag'allik darajasini 6 foizga tushirishni maqsad qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-sentabr kuni Namanganda bo'lib o'tgan "Kambag'alliklikdan farovonlik sari" uchinchi xalqaro forumning ochilish marosimidagi nutqida ta'kidladi", – deyilgan materialda.

Ma'lum qilinganidek, konferensiyada 30 dan ortiq tashkilot va 200 nafarga yaqin ekspertlar, jumladan, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jasser, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Yingming Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi katta vitse-prezidenti Sachiko Imoto, BMTning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze hamda Jahon bankining qashshoqlikni qisqartirish bo'yicha global direktori Luis Felipe Lopes-Kalva ishtirok etdi.

Nashrda ma'lum qilinishicha, O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish milliy ustuvor vazifaga aylandi. So'nggi sakkiz yil davomida hukumat tomonidan inson huquqlari, bandlik va daromadlarni oshirishga qaratilgan islohotlar Jahon banki va BMT kabi xalqaro institutlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 7,5 million kishi kambag'allikdan chiqarilgan bo'lib, 2024-yilda milliy qambag'allik darajasi 8,9 foizga tushdi.

So'nggi yillarda O'zbekiston iqtisodiyoti hajmi ikki barobar oshdi, jon boshiga to'g'ri keladigan daromad 2025-yil oxirigacha 3500 dollarga yetishi kutilmoqda. O'sish maqsadli ijtimoiy dasturlar, mahalla asosidagi jamoaviy tashabbuslar va yer islohotlari hisobiga ta'minlandi. COVID-19 pandemiyasi davrida 2 milliondan ortiq oila ijtimoiy yordam oldi, 235 ming gektar qishloq xo'jaligi yerlarining qayta taqsimlanishi esa 800 ming oila uchun qo'shimcha daromad manbai bo'ldi.

AQSh elektron nashrida ta'kidlanganidek, O'zbekistondagi har bir mahalla biznes maskaniga, har bir oila farovonlikdan manfaat ko'radigan darajaga yetmoqda. O'zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2030-yilgacha kambag'allikni ikki barobar qisqartirish yo'lidan bormoqda va o'n yillik yakunigacha kambag'allikka butunlay barham berilishi mumkin.

"O'zbekiston Prezidenti, shuningdek, barqaror rivojlanish uchun global resurslarni safarbar etish maqsadida "yangi moliyaviy me'moriy tuzilma" yaratishga chaqirdi. U 2026-yilda Xivada donor tashkilotlar, moliya institutlari va hamkor hukumatlar ishtirokida xalqaro konferensiya o'tkazishni taklif qildi", – deyilgan "The Times of Central Asia" maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish