Logo

"Wrkaa News" gazetasi: O'zbekiston ekologik strategiyasining muhim jihatlaridan biri – bu "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirishdir

Iyul 07, 2024. 12:14 • 2 daq

295
"Wrkaa News" gazetasi: O'zbekiston ekologik strategiyasining muhim jihatlaridan biri – bu "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirishdir

AR-RIYOZ, 7-iyul. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Wrkaa News" gazetasida "O'zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish barqaror rivojlanish strategiyasining ajralmas qismi bo'lib mamlakatning global muammolarni hal etishga qo'shayotgan hissasidir" sarlavhali  maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Yangi O'zbekiston kun tartibida ekologik siyosat masalalari muhim o'rin tutadi, – deb yozgan muallif. – Jumladan, O'zbekiston ekologik strategiyasining muhim jihatlaridan biri – "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirishdir. 2019-2030-yillarga mo'ljallangan "yashil iqtisodiyot" davlat dasturi uglerod izini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya (QTE) manbalarini rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston hukumati mamlakatning umumiy energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini ko'paytirish bo'yicha o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'ygan".

"O'zbekiston – 2030" rivojlanish strategiyasi va keyingi rejalar doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida bo'lib o'tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiyaviy forumida ta'kidlaganidek, mamlakat 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanadigan energiya quvvatini 2030-yilga qadar yaratish va energiya balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan, deb ma'lum qilingan maqolada.

Ushbu maqsadlarga yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, mavjud energiya infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish kiradi.

Qayd etilishicha, O'zbekistonning "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to'g'risida"gi qonuni "yashil" energetika sohasini rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Qonunda investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar ko'zda tutilgan bo'lib, bu ham ichki, ham xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag'batlantiradi.

"O'zbekistonda "yashil" energetikaning rivojlanishi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari tomonidan ham faol qo'llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro qayta tiklanadigan energiya agentligi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlik muhim o'rin tutadi. Ushbu tashkilotlarning investitsiyalari va texnik ko'magi qayta tiklanadigan energetika sohasida innovatsion texnologiyalar va ilg'or tajribalarni jadal joriy etishga xizmat qilmoqda", deb yozgan "Wrkaa News".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish