Logo

"Business Central Asia": O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasini zamonaviylashtirmoqda

May 01, 2025. 06:55 • 2 daq

68
"Business Central Asia": O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasini zamonaviylashtirmoqda

DEHLI, 1-may. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Business Central Asia" jurnalining aprel oyi sonida O'zbekistonga bag'ishlangan turkum maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasini zamonaviylashtirishga intilmoqda" sarlavhali maqolada mamlakatimiz agrosanoat majmuasida samaradorlikni oshirish va bozor mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar haqidagi muhim ma'lumotlar qalamga olingan.

"Yaqinda o'zbekistonlik bir guruh mutaxassislar ilmiy-tadqiqot institutlari, yirik kompaniyalar va qishloq xo'jaligi korxonalarining ilg'or tajribasini o'rganish maqsadida Xitoy, Italiya va Yaponiyaga safar qildi, – deb yozgan maqola muallifi. – O'zaro tajriba almashish natijalari asosida yangi hamkorlik rejalari ishlab chiqildi".

Jurnal urug'chilik qishloq xo'jaligi ekinlaridan yuqori hosil olishning asosiy omili ekaniga e'tibor qaratgan. Hozirgi kunda O'zbekistonda 14 ta ilmiy-tadqiqot instituti va 55 ta urug'chilik xo'jaligi faoliyat ko'rsatmoqda. Lekin yangi navlar yaratish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishda hali qilinadigan ishlar ko'p. Mahalliy urug'larning samaradorligi pastligi sababli, ko'plab fermerlar xorijiy navlardan foydalanishni afzal ko'rmoqda.

"Shu sababli Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida urug'chilik va ko'chatchilik tizimi tashkil etiladi. Loyiha doirasida 200 million dollar investitsiya jalb qilinib, g'o'za, bug'doy, sholi, makkajo'xori, uzum va mevali ekinlarning yangi navlarini yaratish rejalashtirilgan. Zamonaviy uskunalar va dronlardan foydalangan holda ko'chat yetishtirish va ularni ekish, o'simliklarni himoya qilish, hosilni yig'ib olish va qayta ishlashgacha bo'lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan namunali maydoncha yaratiladi", – deb ta'kidlangan maqolada.

Hindistonlik jurnalist soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi izchil sa'y-harakatlar va bu boradagi xalqaro hamkorlik haqida ham yozgan.

"Business Central Asia", shuningdek, O'zbekiston hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalariga bag'ishlangan maqolalarni ham chop etgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish