YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o'tkazilishi Ispaniya OAV nigohida
Avgust 20, 2024. 16:13 • 2 daq
• 188
MADRID, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning yetakchi "El Mundo Financiero" elektron nashrida Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ta'kidlanganidek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqandda o'tkaziladi. O'zbekiston ilk bor ikki yilda bir marta o'tkaziladigan muhim tadbirga mezbonlik qiladi. Tarixan, 1986-yildan beri konferensiya asosan YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida o'tkazib kelingan.
"YUNESKO Bosh konferensiyasining majlisi oxirgi marta Parijdan tashqarida 1985-yilda Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida bo'lib o'tgan. O'shandan beri Parij ushbu muhim tadbirning doimiy manzili bo'lib qolayotgan edi. Bosh konferensiyasining navbatdagi sessiyasining Samarqandga o'tishi ushbu tadbirning ahamiyatini yana bir bor ta'kidlaydi", – deyilgan maqolada.
Materialda, shuningdek, Samarqandning noyob tarixiy obidalari YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilganligi ta'kidlangan. Ular dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar va olimlarni o'ziga jalb etmoqda. Tarixiy obidalar shaharning sayyohlik jozibasini oshiribgina qolmay, balki madaniyatni asrab-avaylash muhimligini eslatib turadi.
Nashrda O'zbekiston 1993-yilda YUNESKOga to'la huquqli a'zo bo'lgani, 1996-yilda esa Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochilgani haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan.
"YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o'tkazilishi nafaqat O'zbekistonning jahon madaniy-ma'rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasini e'tirof etilishi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini ta'kidlash imkoniyatidir", – deyilgan maqolada
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida