Logo

"Sahm News" gazetasi: O'zbekiston milliy futbol terma jamoasi 2025 yilda muhim o'yinlarni o'tkazadi

Yanvar 08, 2025. 07:13 • 2 daq

1006
"Sahm News" gazetasi: O'zbekiston milliy futbol terma jamoasi 2025 yilda muhim o'yinlarni o'tkazadi

AR-RIYOZ, 8-yanvar. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Sahm News" gazetasida "2025-yil o'zbek futboli tarixida o'chmas iz qoldirishi mumkin" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallifning ta'kidlashicha, 2025-yildagi asosiy sinov, shubhasiz, futbolchilarimizning Osiyo qit'asidagi jahon chempionati uchinchi saralash bosqichidagi ishtiroki bo'ladi.



Qayd etilishicha, O'zbekiston terma jamoasi ayni paytda olti turdan keyin 13 ochko bilan "A" guruhida ikkinchi o'rinni egallab turibdi.

"Eslatib o'tamiz, 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etadi. Osiyo qit'asiga sakkizta to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmalar ajratilgan, yana bir yo'llanma esa qit'alararo o'yin orqali o'ynaladi", - deb yozadi nashr.

"O'z guruhlarida uchinchi va to'rtinchi o'rinlarni egallagan jamoalar qo'shimcha saralash turnirida uch jamoadan iborat ikki guruhga bo'lingan holda ishtirok etadi. Ushbu guruhlarning g'oliblari ham jahon chempionatiga yo'llanma oladi. Guruhlarda ikkinchi o'rinni egallagan jamoalar qit'alararo uchrashuvlarda Osiyo konfederatsiyasi vakilini aniqlash uchun o'zaro o'yin o'tkazishadi", - deyiladi maqolada.

Ma'lumotlarga ko'ra, ayni paytda O'zbekiston milliy terma jamoasining "A" guruhidagi holati kutilganidek bo'lmoqda. Bu yil jamoamizni muhim o'yinlar kutib turibdi: 20-mart kuni Toshkentda Qirg'iziston, 25-mart kuni Eron, 5 iyun kuni BAA va 10 iyun kuni so'nggi turda Qatarga qarshi uchrashuvlar bo'lib o'tadi, deya qo'shimcha qiladi "Sahm News" gazetasi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish