Logo

O'zbekiston U-17 terma jamoasining olamshumul yutug'i butun Markaziy va Janubiy Osiyo futbol jamoatchiligi uchun kuchli ilhom manbai bo'ldi

Aprel 24, 2025. 07:07 • 3 daq

53
O'zbekiston U-17 terma jamoasining olamshumul yutug'i butun Markaziy va Janubiy Osiyo futbol jamoatchiligi uchun kuchli ilhom manbai bo'ldi

ISLOMOBOD, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda hayotning turli jabhalarida qo'lga kiritilayotgan olamshumul yutuqlar va erishilayotgan natijalarni doimiy ravishda yoritib kelmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning "Diplomatic News Agency – DNA" axborot agentligi "The Diplomatic Insight" va "Pakistan in the World" jurnallari, "Pakistan Observer" va "Islamabad Post" kabi gazetalar hamda "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" onlayn portallarida futbol bo'yicha O'zbekiston U-17 terma jamoasining Osiyo kubogini  qo'lga kiritgani to'g'risida turkum maqolalar e'lon qilindi.

Pokiston nashrlari "O'zbekiston o'smirlar terma jamoasini jasorat va birdamlik ramzi deya e'tirof etib, final bahsidagi yosh sportchilarimizning qozongan g'alabasini yuksak baholagan.

Maqolalarda ikki nafar futbolchisi maydondan chetlatilganiga qaramasdan, 9 kishi bilan mezbon Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag'lub etgani O'zbekiston terma jamoasining ruhiy tayyorgarligi kuchli ekanligi, jamoaviy o'yin va murabbiylar shtabining yuksak darajasidan dalolat berishi ta'kidlangan.

Pokiston OAV O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev futbol bo'yicha o'n yetti yoshgacha bo'lgan mamlakat terma jamoasi a'zolarini Osiyo kubogini qo'lga kiritgani bilan tabriklagani alohida urg'ulagan.

"Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag'lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko'rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to'g'ri bo'ladi. Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g'oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o'n bir o'yinchiga qarshi to'qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo'ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O'zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko'radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi", – deya davlatimiz rahbari tabrigidan iqtibos keltirilgan maqolalarda.

Shuningdek, nashrlar O'zbekiston Prezidenti terma jamoa murabbiysi Islombek Ismoilov va 23 nafar yosh sportchilarni Vatanimizning yuksak mukofotlari taqdirlagani haqidagi ma'lumotlarni mushtariylar e'tiboriga taqdim qilgan.

Pokiston OAV va sport sharhlovchilariga ko'ra, O'zbekiston U-17 terma jamoasining ushbu yutug'i nafaqat futbol, balki mamlakatda olib borilayotgan yoshlar siyosati sohasidagi ulkan natija, yoshlar sportiga qaratilgan e'tibor va sarmoya samarasidir.

Bundan tashqari, maqolalarda O'zbekiston o'smir terma jamoasining musobaqa davomida ko'rsatgan natijalari – turnir davomida mag'lubiyatsiz seriya namoyish etgani qayd etilgan. Dramatik tarzda o'tgan final o'yini esa "Markaziy Osiyo futbolining qayta tirilishi" sifatida baholangan.

"Endi O'zbekiston U-17 terma jamoasi joriy yil noyabr oyida Qatarda o'tkaziladigan jahon chempionatida Osiyo sharafini himoya qiladi. Ushbu mundialda ham yuqori ruh, yurt iftixori va g'alaba kayfiyati bilan to'lgan o'zbekistonlik futbolchilarga muvaffaqiyatga erishishlarini tilaymiz", – deb ta'kidlangan manbalarda.

Maqolalar "O'zbekiston U-17 terma jamoasi yutug'i nafaqat mamlakat doirasida, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyodagi futbol jamoalari uchun kuchli ilhom manbai bo'ldi. Qiyinchiliklar, bahsli hakamlik va muxlislar bosimiga qaramasdan, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi o'zaro ishonch, birdamlik va matonat ko'rsatib, eng og'ir vaziyatda ham g'alaba qozonish mumkinligini isbotladi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish