Pokiston OAV: "Markaziy Osiyo – KADHK" formati nafaqat ikki mintaqa rivoji uchun, balki keng geosiyosiy makonda barqaror taraqqiyotni ta'minlashga xizmat qiladi
Aprel 24, 2025. 12:53 • 2 daq
• 80
ISLOMOBOD, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning xalqaro anjumanlar maydoniga aylanayotgani, yurtimizda muhim global va mintaqaviy masalalarda ko'p tomonlama oliy va yuqori darajali tadbirlar tashkil etilayotgani xorijiy, xususan Pokiston ommaviy axborot vositalari tomonidan muntazam ravishda e'tirof etib kelinmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, mazkur mamlakatning "Pakistan in the World" va "The Diplomatic Insight" jurnallari, "Islamabad Post" va "Daily Big Digit" gazetalari, "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" onlayn portallarida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo'limi boshlig'i Alisher Qodirovning joriy yil may oyida Samarqand shahrida o'tkaziladigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" strategik muloqotining oliy darajadagi sammiti to'g'risidagi tahliliy maqolasi e'lon qilindi.
Maqolada ta'kidlanganidek, Ko'rfaz arab davlatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar o'zaro tarixiy, madaniy va ma'rifiy aloqalarga asoslangan bo'lib, hozirgi kunda global muammolarni hal etishda muhim diplomatik vositaga aylanmoqda.
Materialda mintaqalar o'rtasidagi hamkorlikning to'rt bosqichiga alohida to'xtalib o'tilgan va har bir davrning muhim jihatlari batafsil tahlil qilingan.
Shuningdek, 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatida o'tkazilgan birinchi sammit tarixiy voqea sifatida e'tirof etilib, unda 2023-2027-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha qo'shma Harakatlar rejasi qabul qilingani ma'lum qilingan.
"Ushbu sammitda O'zbekiston Prezidenti biznes vakillari ishtirokida Qo'shma investorlar kengashini tuzish, uning ilk yig'ilishini Samarqandda o'tkazish, erkin savdo hududini tashkil etish, Transafg'on temir yo'li loyihasida faol ishtirok etish, "Ko'rfaz-Markaziy Osiyo" yagona vizasiz turizm makonini yaratish kabi tashabbuslarni ilgari surgan edi", – deyilgan nashrda.
Takidlanishicha, 2024-yil 15-aprelda Toshkentda bo'lib o'tgan mazkur format tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida esa birinchi sammit natijalarini amalga oshirish va 2025-yil may oyida Samarqandda bo'lib o'tadigan ikkinchi sammitga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan edi.
Maqolada, shuningdek, energetika, transport, raqamli infratuzilma, innovatsiya, qishloq xo'jaligi va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik mintaqalararo hamjihatlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi, Afg'onistondagi barqarorlik esa mintaqaviy xavfsizlikda muhim o'rin tutishi ham e'tirof etilgan.
Muallif "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formati nafaqat ikki mintaqaning rivoji uchun, balki keng geosiyosiy makonda barqaror taraqqiyotni ta'minlashda muhim omil ekani alohida ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida