Misr OAV: O'zbekistonda BMT institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 293 million dollardan ortiq bo'lgan 166 ta loyiha amalga oshirilmoqda
Sentabr 24, 2025. 14:51 • 3 daq
• 88
QOHIRA, 29-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al Balad" axborot agentligi "O'zbekiston – BMT: barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etayotgani hamda O'zbekiston va BMT hamkorligi haqida ta'kidlangan.
O'zbekiston 1992-yil 2-martda BMTga to'la huquqli a'zo bo'ldi. Bu qadam yosh mustaqil respublika nafaqat barcha xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishga, balki o'z tashqi siyosatini xalqaro huquq va BMT Nizomiga hurmat tamoyillariga asoslashga tayyor ekanligining asosiy tasdig'i bo'ldi.
O'shandan beri o'ttiz yildan ko'proq vaqt o'tdi va shu davr ichida Toshkent takliflari xalqaro maydonda keng aks-sado berayotgan faol global tashabbuslardan biriga aylandi.
"BMTdagi ishtirok O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning suvereniteti xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini ta'minlash, barcha davlatlar bilan teng huquqli muloqot uchun zamin yaratishda muhim omil bo'layapti, – deyilgan maqolada. – 1993-yilda Toshkentda BMT vakolatxonasining ochilishi hamkorlikning uzoq muddatli xarakterini mustahkamlagan yana bir muhim voqea sifatida tarixga kirdi".
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston mintaqada birinchilardan bo'lib BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) milliy strategik hujjatlarga kiritdi. 2018-yilda BRMlar bo'yicha Milliy muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi, 2020-yilga kelib esa mamlakat sharoitlariga moslashtirilgan 125 ta ko'rsatkichdan iborat keng qamrovli milliy ro'yxat tasdiqlandi. Joriy yilda O'zbekiston BRM global indeksida 19 pog'onaga ko'tarildi va dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kirib, mintaqada yetakchiga aylandi.
"2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida va 2030 yilga qadar Milliy rivojlanish konsepsiyasida BMTning kambag'allikka barham berish, sifatli ta'lim, gender tengligi, sog'liqni saqlash, atrof-muhitni boshqarish va raqamli transformatsiya kabi global maqsadlariga mos keladigan ustuvor vazifalar belgilangan", – deya urg'ulangan materialda.
Misr OAV, shuningdek, BMT agentliklari bilan hamkorlikda O'zbekiston bir qator amaliy natijalarga erishgani haqida yozgan. Xususan, 2022-2024-yillarda kambag'allik darajasi 17 foizdan 8,9 foizga tushib, mintaqadagi eng dinamik ko'rsatkichlardan biriga aylandi. YUNICEF, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan qo'llab-quvvatlangan Ijtimoiy to'lovlarning yagona reyestrining joriy etilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qamrab olish darajasini ikki baravar, ya'ni 600 mingdan 1,2 million kishiga oshirdi.
"Ayni paytda O'zbekistonda BMTning ko'plab agentliklari, jumladan, BMTTD, YUNICEF, FAO, XMT, YUNESKO, Qochqinlar bo'yicha oliy komissari boshqarmasi va boshqalar faoliyat yuritmoqda. Ular birgalikda 2021–2025-yillarga mo'ljallangan Barqaror rivojlanish bo'yicha hamkorlik asoslari doirasida umumiy qiymati 293 million dollardan ortiq bo'lgan 166 ta loyihani amalga oshiryapti", – deb yozgan "Sada al Balad" AA.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam