Turkmaniston OAV: Transchegaraviy savdo zonalarining ishga tushirilishi Xorazm va Dashoguz viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi
May 20, 2024. 20:18 • 2 daq
• 351
ASHXOBOD, 21-may. / "Dunyo" AA /. Turkmanistonning "Orient" va "Turkmenportal" yangiliklar portallarida O'zbekiston elchisining Dashoguz viloyati rahbariyati bilan uchrashuviga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Qayd etilishicha, 15-may kuni Dashoguzda O'zbekiston elchisi Akmaljon Qo'chqorov viloyat hokimi Soltanmirat Soltanmiradov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muzokaralar chog'ida Xorazm viloyati va Turkmanistonning shimoliy mintaqasi o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
"Ikki mamlakat o'rtasida oliy darajada tashkil etilgan ishonchli va do'stona muloqot, hamkorlikdagi sa'y-harakatlar va mamlakatlarimiz yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli Turkmaniston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar bugungi kunda barcha yo'nalishlarda faol rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani ta'kidlandi", – deyiladi nashrlarda.
Qayd etilishicha, muloqot chog'ida Xorazm va Dashoguz viloyatlari o'rtasida chegara savdo zonasi – savdo markazining tashkil etilishi mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro savdo hajmining o'sishiga, shuningdek, chegara hududlari aholisining farovonligini oshirishga xizmat qilishi e'tirof etildi.
Ma'lum qilinganidek, Dashoguz viloyatidagi Turkmaniston-O'zbekiston chegara zonasida savdo markazini qurish bo'yicha qurilish ishlari 2023-yil iyul oyida boshlangan, obyektni ishga tushirish 2025-yil iyul oyiga rejalashtirilgan.
"Transchegaraviy savdo zonalarining ishga tushirilishi Xorazm va Dashoguz viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini ro'yobga chiqarish, shuningdek, aholi farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi", – deb yozgan Turkmaniston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi