UNODC: Samarqand deklaratsiyasi mintaqada narkotahdidlarga qarshi kurashishda yangi sahifa ochmoqda
May 03, 2026. 14:00 • 2 daq
• 211VENA, 3-may. /“Dunyo” AA/. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) rasmiy veb-saytida joriy yil 20-21-aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi birinchi Samarqand xalqaro forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda O‘zbekistonning forum tashkilotchisi va mintaqaviy hamkorlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatidagi o‘rniga alohida urg‘u berilgan. UNODC qayd etishicha, keng ko‘lamli ko‘p tomonlama ishtirok hamda yoshlarning faol jalb etilgani mamlakatning BMT tizimi doirasidagi ko‘p tomonlilik va konstruktiv hamkorlik tamoyillariga sodiqligidan dalolat beradi.
Forum yakunlariga ko‘ra, dalillarga asoslangan profilaktika, huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va mavjud tahdidlar to‘g‘risida axborot almashinuviga doir yagona mintaqaviy yondashuvni mustahkamlagan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan.
Bundan tashqari, maqolada UNODC Operativ boshqarmasi direktori Bo Matiasenning so‘zlari keltirilgan bo‘lib, u O‘zbekiston hukumatiga forumni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirib, mintaqadagi giyohvand moddalar bozorlarining o‘zgarishiga javoban sheriklik aloqalarini kuchaytirish muhimligini taʼkidlagan.
“Xulosa o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, Samarqand deklaratsiyasi mintaqaviy muloqotdan amaliy hamkorlikka o‘tishda muhim bosqich bo‘lib, Markaziy Osiyoni giyohvand moddalar noqonuniy aylanishining halokatli taʼsiridan xoli, hozirgi va kelajak avlodlarning xavfsizligi, salomatligi hamda barqaror rivojlanishi taʼminlanadigan makonga aylantirishga xizmat qiladi”, deya yakunlaydi nashr.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


