Logo

Ukraina OAV: O'zbekistonda qishloq xo'jaligini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish bo'yicha qat'iy choralar ko'rilmoqda

Sentabr 19, 2025. 16:07 • 2 daq

23
Ukraina OAV: O'zbekistonda qishloq xo'jaligini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish bo'yicha qat'iy choralar ko'rilmoqda

KIYEV, 19-sentabr. /"Dunyo" AA/. Ukrainaning "UkrAgroKonsalt" konsalting agentligi portalida "O'zbekistonda qishloq xo'jaligini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish, uni shaffof va ishlash uchun qulay qilish rejalashtirilmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo'jaligida qo'shimcha qiymat zanjirini yaratish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Taqdimot davomida agrar soha samaradorligi oshganiga qaramay, bu sektorda yashirin iqtisodiyotning ulushi sezilarli darajada yuqoriligi, ya'ni ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hammasi ham rasmiy hisobotlarda aks etmasligi ta'kidlandi. Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo'shilgan qiymat solig'i 12 foizni tashkil etmoqda", – deb yozilgan maqolada.

Shuningdek, nashrda Xalqaro valyuta jamg'armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo'jaligini "soya"dan chiqarish bo'yicha takliflar ishlab chiqilgani qayd etilgan.

"Yangi tashabbuslarga ko'ra, 1-yanvardan boshlab, qishloq xo'jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o'zi yetishtirgan qishloq xo'jaligi mahsulotini (g'alla va paxtadan tashqari) sotishda qo'shilgan qiymat solig'i nol stavkada bo'ladi. Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug', o'g'it, yoqilg'i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi. Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so'm mablag' qoladi, yana 400 milliard so'mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo'ladi", – deya ta'kidlangan materialda.

Maqolada yozilishicha, bu yengilliklar soha vakillarining shaffof ishlashiga turtki beradi, joylarda yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarining ko'payishiga mustahkam zamin yaratadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish